Xitoydan Shimoliy Koreya bobida dadil qadamlar talab qilinmoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoy va AQSh rasmiylari Pekinda siyosiy-iqtisodiy anjumanda qatnashmoqda. Shimoliy Koreya, Eron masalasi ham kun tartibida.

Xitoy va AQSh rasmiylari Pekinda siyosiy-iqtisodiy anjumanda qatnashmoqda. Shimoliy Koreya, Eron masalasi ham kun tartibida.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, Xitoyni Shimoliy Koreya va Eron borasida dadilroq harakat qilishga, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikka da’vat etmoqda. Vazira Pekinda, AQSh-Xitoy siyosiy-iqtisodiy anjumanida so’zlagan.

Qo’shma Shtatlar va Xitoy, dunyoning ikki eng yirik davlati, qator masalalarda, ayniqsa, huquq bobida doim ham kelishmasa-da, muammolarni ochiq muhokama qilishga qodir. “Yakka-yakka emas, birga harakat qilsak, natijasi tezroq ko’rinadi” - Klinton mana shu pozitsiya-fikrga urg’u bermoqda.

Pekinda bugun ish boshlagan Strategik va Iqtisodiy Dialog anjumanida gapirar ekan, Klinton Shimoliy Koreya va Eronga alohida to’xtaldi. AQSh-Xitoy hamkorligi mana shu ikki masalani yechishda muhim, deydi vazira.

O’tgan yili Shimoliy Koreya yadro va raketa sinovlari o’tkazgach, BMT Xavfsizlik Kengashi bu davlatga sanksiya qo’ygan, Xitoy va Qo’shma Shtatlar bunda jonbozlik ko’rsatgan edi.

“Shimoliy Koreya qo’shni janubga qarashli kemani cho’ktirib, yana ig’vo boshlamoqda. Koreya yarim orolida tinchlikni ta’minlash uchun birgalikda chora ko’rishimiz lozim”, - deydi Xillari Klinton.

Xitoy, Shimoliy Koreyaning asosiy iqtisodiy sherigi, ta’minotchisi. Tahlilchilar nazarida, Xitoy hukumati ancha zaiflashgan va yopiq kommunistik davlat qulashidan xavotirda. Bu esa chegarada qochqinlar oqimini oshirishi, Koreya yarim orolida yangi, AQShga xayrixoh davlat paydo bo’lishidan xavotirda.

Xitoy va Qo’shma Shtatlar muhim hamkorlar: terrorizm, iqlim o’zgarishi, energiya, sog’liqni saqlash, ta’lim va taraqqiyot sohalarida bir-biriga muhtoj, deydi Klinton. Bundan tashqari, ikki davlat jahon iqtisodiyotini tirab turgan ustunlar sanaladi.

Xitoy prezidenti Xu Tzintao bugungi anjumanni ochar ekan, AQSh bilan uzoq va mustahkam hamkorlik tarafdorimiz, “valyuta tizimini asta-sekin isloh qilamiz”, deydi. Qo’shma Shtatlar Xitoyni milliy valyuta – yuan qiymatini atayin nazorat qilayotganlikda ayblab keladi. Bu esa jahon bozorida Xitoy moli doimo arzon ekaniga sababchi bo’lmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG