Xitoy Amerikaga: Bizning ishlarga aralashmang

  • Amerika Ovozi

Xitoy Amerikaga: Bizning ishlarga aralashmang

Xitoy Amerikaga: Bizning ishlarga aralashmang

Xitoy nazarida, hukumatdan norozi tibetlik buddistlar o’ziga o’t qo’yayotgani Vashingtonning ishi emas. Inson huquqlarini hurmat qiling, degan chaqiriqlarga rasmiy Pekin shunday javob berayapti.

Faollarning aytishicha, Xitoy janubi-g’arbidagi Sichuan provinsiyasida ikki ruhoniy o’ziga o’t qo’ygani mintaqada vaziyat taranglashib borayotganidan nishona.

Voqea ketidan AQSh Davlat departamenti diniy erkinlik masalasini ko’tarib bayonot bergan. Xitoyning javobi – “bizning ishlarga aralashmang”.

“Xitoyda yashovchi barcha millatlar haq-huquqi qonun himoyasida”, - deydi Tashqi ishlar vazirligi vakili Xong Ley.

U Qo’shma Shtatlarni mamlakat ichki ishlariga burun suqayotganlikda ayblab, tanqidni ijtimoiy barqarorlik va etnik birdamlikka ta’sir ko’rsatishga urinish deya baholadi.

Tibetning katta hududlari 2008-yilgi g’alayondan beri xorijiy jurnalistlar va diplomatlar uchun yopiq. Cheklov bekor qilinadimi degan savolga, rasmiy “vizaga ariza topshiravering” deya javob qiladi.

Xitoy davlat axborot vositalarida buddistlar namoyishi haqida hech narsa deyilmaydi.

Qo’shma Shtatlar Tayvanga qariyb 6 milliard dollarga teng qurol-yarog’ sotayotgani ham janjalga sabab bo’layapti.

Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xong Ley Tayvanga qurol uzatishni bas qiling deya talab qo’ymoqda. Ushbu provinsiyani Xitoy o’ziniki deb biladi va ertami-kechmi kuch bilan bo’lsa ham bunga erishmoqchi ekaniga ishora qilgan.

Gap Tayvan qurolli kuchlariga yangi texnologiyalar uzatish, jumladan F-16 rusumidagi qiruvchi samolyotlarini yangilash ustida ketmoqda.

Xitoy rasmiylari bu harakat dunyoning ikki qudratli davlati orasida munosabatlar buzilishiga olib keladi deya ogohlantirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG