AQSh Xitoyga: Ilhom To'xti tinchlik yo'lida xizmat qilgan, ozod eting uni

  • Amerika Ovozi

Uyg'ur professori Ilhom To'xti Xitoyda zo'ravonlik va ayirmachilikni targ'ib etganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi.

Uyg'ur professori Ilhom To'xti Xitoyda zo'ravonlik va ayirmachilikni targ'ib etganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi.

Obama ma'muriyati umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Ilhom To'xti taqdiridan jiddiy xavotirda. Xitoyda oz sonli elatlarga nisbatan munosabat yanada yomonlashgan.

Oq uy bayonotida uyg'ur olimi Ilhom To'xti xitoy va uyg'ur xalqlarini o'zaro yaqinlashtirish maqsadida ko'p ish qilgan nufuzli ziyoli sifatida tilga olinadi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, tinch yo'l bilan bildirilgan e'tiroz jinoyat hisoblanmasligi kerak. Lekin professor Ilhom To'xti uyg'ur fuqarolari huquqlarini himoya qilib chiqqani og'ir jazo bilan qarshi olindi, deydi AQSh rasmiysi.

Bayonot Xitoy hukumatini yanvar oyida hibsga olingan Ilhom To'xti va uning yetti talabasini ozod qilishga chaqiradi. Pekin inson huquqlari bo'yicha o'z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlariga rioya qilib, ularni zarur himoya bilan ta'minlashi hamda tinch yo'l bilan e'lon qilingan e'tiroz va zo'ravon ekstremizm o'rtasidagi farqni ajrata bilishi lozim, deyiladi Amerika chaqirig'ida.

Avstraliyadagi Griffit Osiyo instituti tahlilchisi Maykl Klarkning aytishicha, yangrayotgan bu xalqaro e'tirozlar kutilgan maqsadga emas, balki aks natijaga yetaklashi mumkin.

"Hatto sud hukmining o'zida To'xtining uyg'urlar masalasini xorijlik jurnalistlar orqali xalqaro mavzuga aylantirgani tilga olingan. AQSh kabi davlatlarning bu bayonotlari To'xtining uyg'urlar himoyachisi sifatidagi rolini tasdiqlovchi yana bir dalil sifatida qabul qilinishi mumkin", - deydi u.

Xitoy hukumati da'vosiga ko'ra, Ilhom To'xti xorijlik jurnalistlarga bergan intervyularida, omma oldida qilgan ma'ruza va keng jamoatchilik uchun yozgan maqolalarida ayirmachlik va zo'ravonlikni targ'ib etgan. 44 yoshli olim bu ayblovlarni rad etib, ikki xalq o'rtasida muloqot o'rnatishga hamda mavjud adolatsizliklarga e'tibor qaratishga uringanini aytadi. Uning advokati sud qarori ustidan shikoyat qilishini bildirgan.

Xitoy Shinjon-uyg'ur muxtoriyatida xorijdan yordam oluvchi ekstremistlarga qarshi kurash olib borayotganini aytadi. Uyg'urlar esa diniy va madaniy kamsitishlarga duchor bo'layotganidan shikoyat qiladi. Zo'ravonliklarda uyg'ur ayirmachilarini ayblovchi Pekin may oyida terrorizmga qarshi bir yillik kurash kampaniyasini e'lon qilgan.

Indiana universiteti tadqiqotchisi Gardner Bovingtonga ko'ra, umrbod qamoq jazosi Xitoyda o'lim hukmidan keyin turadigan ikkinchi eng og'ir jazodir.

"Bu masalada men Davlat kotibi Kerri fikrlariga qo'shilaman. Bu hukm uyg'urlarga, butun Xitoy bo'ylab boshqa odamlarga hamda dunyoga, shuningdek, inson huquqlari va so'z erkinligi himoyasiga hamda muammolarni muloqot orqali hal qilish imkoniyatiga salbiy ta'sir ko'rsatadi", - deydi u.

"Uol Strit Jornel" jurnali To'xtiga o'qilgan hukmni "hatto kommunist rejimi uchun ham kutilmagan holat" deya atadi. Nashrning ogohlantirishicha, Pekinning bunday siyosati o'z-o'zini mag'lub etish sari yetaklaydi va mintaqani yanada beqarorlashtiradi.

"Ko'plab odamlar To'xtining qamoqqa tashlanishi muloqotni to'xtatib qo'yadi, demoqda. Mening e'tirozim shuki, avvalo, hech qanday muloqotning o'zi bo'lgan emas. Pekin mintaqa taqdiri yuzasidan muloqot va muzokara o'tkazilishi kerak deb hech qachon ochiq aytmagan. Har qanday siyosatini kuch ishlatish orqali majburan o'tkazishga urinadi. Vaholanki, bu yerdagi odamlarning e'tiroz bildirishga haqqi bor", - deydi tadqiqotchi.

Uyg'urlar bu masalada o'z so'zini aytish imkoniyatiga ega emas ekan, mintaqaning yanada beqarorlashishi ehtimoli yuqori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG