Breaking News

AQSh kolleji xitoylik professor himoyasida


Xitoy universitetlarining birida o'qituvchilar dars o'tmoqda
Xitoy universitetlarining birida o'qituvchilar dars o'tmoqda
AQSh kollej va universitetlari Xitoy oliy o’quv yurtlari bilan hamkorlikni yo’lga qo’ymoqda. Xitoyda kampuslar ochib, yangi talabalarni jalb etish AQSh universitetlari uchun qo’chimcha daromad degani. Shu yoz Massachussetsdagi Uelsli kolleji Pekin universiteti bilan rishtalar o’rnatgan edi. Ammo ushbu universitetda bir professorning hukumatni tanqid qilgani uchun tazyiqqa uchrayotgani hamkorlikni savol ostiga qo’ydi.

AQSh kolleji xitoylik professor himoyasiga otlandi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:54 0:00
Yuklab oling

Sia Yelan Pekin universitetida iqtisoddan dars beradi. Talabalar oldidagi ma’ruzalarida hamda internetda Xitoyni siyosiy o’zgarishlarga da’vat etgani uchun uni hamma taniydi.

“Bunga chidab turolmayman. Shu qadar ham qoloq bo’lish mumkinmi? Xitoy tubdan o’zgarishi kerak. Konstitutsiyaviy demokratiya va qonun ustuvorligi qaror topsin. Barcha fuqarolar mustaqil huquq va shaxsiy erkinlikka ega bo’lsin”, - deydi professor.
Bunday qarashlari uchun u ishdan bo’shatilishi mumkin. Xitoyning eng nufuzli oliy o’quv yurti - Pekin universitetida bu masala ovozga qo’yiladi.

Universitet ma’muriyati “nima uchun” degan savolga javob bermadi. Ammo Xitoyning “Global Times” davlat nashri professorni “ekstremist liberal” deya tamg’alagan va ishini yaxshi bajara olishini savolga tutgan.

Sia Yelan Xitoyda unga o’xshab, hukumat tomonidan ta’qib qilinayotgan erkin fikrlovchilar ko’pligini aytadi.

“Ziyolilar va hatto tadbirkorlar, ya’ni hukumat siyosatini tanqid qilganlarga nisbatan bundan ham keskinroq choralar ko’rilmoqda. So’nggi bir necha oy ichida jiddiy kampaniya olib borildi, ko’plab odamlar hibsga olindi”, - deydi muallim.

AQShning Uelsli kolleji Pekin universiteti bilan hamkorlik o’rnatganiga ko’p bo’lgani yo’q. Ikki o’quv dargohi o’rtasidagi hamkorlikni boshlab bergan marosimda AQSh sobiq Davlat kotibasi Madlen Olbrayt nutq so’zlagan edi.

Endi esa kollej professor va o’qituvchilarining 40 foizi Pekin universiteti bilan hamkorlikni uzish tarafdori. Ulardan 130 nafari xitoylik hamkasblarini himoya qilib, ochiq xat yozgan. Maktub mualliflaridan biri – siyosiy fanlar professori Uillyam Jozef.

“Men 40 yildan buyon Xitoy hukumati bilan ishlab kelaman va muayyan cheklovlar borligini yaxshi tushunaman. Ammo ziyoli bir insonning huquqlarini oyoq osti qilishyapti. Xitoyning diktator rejimi tomonidan eng ko’p qo’llaniladigan vosita bu. Men bunga qarshi chiqmay turolmasdim”, - deydi Jozef.

Uelsli kolleji prezidenti professor Sia ishdan bo’shatilsa Pekin universiteti bilan hamkorlik masalasi qayta ko’rib chiqilajagini ma’lum qildi.

Aslida Xitoy o’quv yurtlari bilan rishtalar o’rnatayotgan Amerika kollejlari ko’payib bormoqda. Dyuk hamda Nyu-York universitetlari Xitoyda kampuslarini ochgan. AQSh iqtisodi hamon qiyin ahvolda ekan, bunday hamkorlik Amerika oliygohlari uchun yangi talabalar, demak daromad manbai bo’lib xizmat qiladi.

Ammo Xitoyda ta’qiblar kuchaygani tashvishlanarli, deydi professor Jozef:

“So’nggi 1-2 oy ichida ziyolilar, universitetlar xodimlariga nisbatan tazyiqlar kuchaydi. Bu esa Si Zinpin islohotchi rahbar deganlarning umidini puchga chiqarmoqda”, - deydi suhbatdosh.

Sia Yelan qamalib ketishidan qo’rqadi. Rafiqasi undan tanqidlarni bas qilishni so’ragan.

“Umrini fido qilishga tayyor bo’lgan hech kim topilmasa, uning ketidan ergashadiganlar ham bo’lmaydi. Mayli, men qurbon bo’la qolay. Boshqalar uchun o’rnak bo’lish kerak, axir! Albatta, oilam, bolalarim bor. Boshqalarda ham shu. Lekin bu chekinish uchun asos emas. Tizimni o’zgartirishni istasak qurbon bo’lishga tayyor odamlar bo’lishi kerak”, - deydi xitoylik akademik.

Pekin universitetida uning taqdiri yaqin kunlarda ovozga qo’yilishi mumkin. Hozircha menga hech narsa deyishgani yo’q, deydi professor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG