Xitoy AQShda elektr avtobuslar ishlab chiqarmoqda

  • Amerika Ovozi

Los-Anjeles

Los-Anjeles

Janubiy Kaliforniya transport vositalariga to’la yo’llari va ifloslangan havosi bilan tanilgan. Endi esa muammoning yechimiga kutilmagan taraf – Xitoy sababchi bo’lmoqda.

Xitoyning “BYD” kompaniyasi Los-Anjelesda filialga ega. Uning menejeri Lifan Yan 12 metr uzunlikdagi elektr avtobusni yo’lga qo’ymoqda.

“Zararli gazlar chiqarmaydi, havoni ifloslamaydi, benzinga pul sarflamaysiz, ta’miri ham arzon”. Avtobuslarni aynan shunday ta'riflash mumkin.

Nomi “Build Your Dream” (BYD) - “Orzuingni yarat” degan ma’noni beradigan kompaniya - AQShda bu sohada ishlayotgan ilk xitoy biznesi.

Avtobuslar batareyalarda yuradi. Yo’llari tirband, havosi buzilgan Los-Anjeles uchun bu ro’yobga chiqayotgan orzu bilan barobar. Shu paytgacha kompaniyaga janubiy Kaliforniya transport agentligidan uchta buyurtma tushdi. Lekin buyurtmalar hajmini kattalashtirmasa bo’lmaydi, deydi tadbirkorlar.

Los-Anjeles Transport boshqarmasi ixtiyorida hammasi bo’lib 2200 ta avtobus bor. Propan gazida ishlaydigan bu avtobuslardan kuniga 1,4 million odam foydalanadi. Endi esa boshqarma elektr avtobuslarga ham qiziqish bildirdi.

“Maqsadimiz – toza muhitda yashash. Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik deymiz. Yo’lovchilar xavfsiz bo’lsin, deymiz. Mana shu maqsadlarni inobatga olgan holda elektr avtobuslarga mablag’ sarflashga qaror qildik,” – deydi Transport boshqarmasining ta’minot bo’limi boshlig’i Richard Xanter.

Birinchi buyurtmaga ko’ra, idora faqat beshta avtobus sotib oladi. Ular 6-9 oy davomida sinaladi. Federal transport vazirligi ham BYD avtobuslarini AQSh mezonlariga javob berish-bermasligi xusudida sinovdan o’tkazmoqda.

Kompaniya qator to’siqlar bilan ham yuzlashmoqda.

Lankaster shahar meri Reks Perris “BYD” zavodi bu hududda qurilishini qo’llab-quvvatlagan edi. Maqsad – yangi ish joylarini yaratish.

Ammo oktabr oyida kasaba uyushmasi kompaniyani minimal maosh talablarini buzganlikda aybladi, va kompaniya jarima to’lashga majbur bo’ldi. Keyinchalik o’tkazilgan tergov natijasida kompaniya aybsiz deb topildi va jarima qaytarib berildi. Ammo xitoylik ishchilar maoshini qisman Xitoy valyutasida to’lagani uchun kompaniya baribir jarima to’ladi.

“Nafaqat ikki kompaniya, balki ikki mamlakat aralashib ketdi. Mening bundan xabarim yo’q edi. Men uni xitoycha nomga ega Amerika kompaniyasi, deb o’ylagandim. Lekin adashgan ekanman. Ammo bunga darhol chek qo’yildi. Aslida bu muammo emas edi. Qanday o’zgarish talab etilgan bo’lsa, tezlik bilan ularni amalga oshirdik,” – deydi Lankaster meri Perris.

Kompaniya rahbariyati joriy yilda faoliyatini kengaytirar ekan, 100 nafar mahalliy ishchi yollangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG