Bir yarim asr oldin Amerika temir yo’llarini qurgan xitoylar

  • Amerika Ovozi

10-may, 1868-yil. Nevadada ishlayotgan xitoylik xizmatchilar.

10-may, 1868-yil. Nevadada ishlayotgan xitoylik xizmatchilar.

Salkam 150 yil oldin Amerika temir yo’l tizimini barpo etish uchun xitoylik katta jamoa qattiq mehnat qilgan. Ular haqida ko'pam bilmaymiz.

Salkam 150 yil oldin Amerika temir yo’l tizimini barpo etish uchun xitoylik katta jamoa qattiq mehnat qilgan. Qo’shma Shtatlar zamonaviy o’lkaga aylanishida mana shu yo’llarning hissasi salmoqli.

Lekin quruvchi oilalar holi nima kechgani haqida ko’pam bilmaymiz. Stenford universiteti bu xitoylar taqdiriga doir ilmiy loyiha ustida ishlayapti.

Bill Yi-ning ota-bobosini Xitoydan Qo’shma Shtatlarga bosh olib ketishga majbur qilgan – ilojsizlik va jasorat edi.

Amerikaning muhim tarixiy voqealarida qatnashgan ular.

“Katta bobom oltin talvasasi yillarida Amerikaga kelib boylik orttirib, Xitoyga qaytib ketgan. Undan keyin boshqa bobom AQShda temir yo’l qurgan. Yerni tekislash uchun porox yordamida portlashlar qilgan. Umr bo’yi shu bilan shug’ullanib, hatto ishlayotib vafot etgan”, - deydi Bill Yi.

Uning bobsi Qo’shma Shtatlarga soxta hujjatlar bilan ko’chib kelgan. Kiyim tozalash bilan kun ko’rgan, farzandlarni boqqan.

“Xitoyda u paytlar hayot chidab bo’lmas darajada og’ir, oilamiz chorasizlikdan bosh olib ketgan”, - deydi Yi.

Shelli Fisher Fishkin mana shundan hikoyalarni izlamoqda.

Stenfor universiteti olimasi xitoylik temir yo’l quruvchilari taqdiriga oydinlik kiritmoqchi. Osiyodagi hamkasb olimlar bilan birga ishlab, o’sha oilalarning avlodlarini qidirayapti.

“Xitoylik aksariyat ishchilar temir yo’l qurilishi nihoyasiga yetgach, vataniga qaytib ketgan. O’sha yerda oila qurib, farzandli bo’lgan. Boshqalari esa AQShga kelishdan oldin Xitoyda oilali, bolali bo’lib ulgurgan. Nevara-chevaralarini hali ham Xitoydan topasiz”, - deydi Fishkin.

Stenford universiteti temir yo’l ishchilarining avlodlarini qidirib topib, ota-bobolari kim o’tgani, hayoti qanday kechganini qog’ozga tushirishni ko’zlayapti. AQSh tarixidagi bu yoriqlarni yelimlash lozim.

“… temir yo’l tarmog’i bo’lmasa, Amerika zamondan orqada qolib ketishi, sanoati rivojlanmay qolishi turgan gap edi. Yo’llarni yotqizaman deb qora terga botib ishlagan esa xitoyliklar edi”, - deydi olima Fishkin.

Jonatan Vongning ajdodlari ingliz tilida so’zlashgan, Xitoydan AQShga kelib temir yo’lda tarjimonlik qilgan. Keyinchalik AQShda qolib ketgan.

“U qora ish bilan shug’ullangan emasdi. Hayotini tinimsiz xavf ostiga qo’yishiga to’g’ri kelmagan. Asosan amerikaliklar bilan muomala qilar, kundalik hayoti shular bilan o’tar edi. Lekin Xitoydan bo’lgani uchun oqlar uni baribir kamsitgan, tengiday ko’rishmagan”, - deydi Vong.

“Ular kamsitishlar, Amerikada mavjud noto’g’ri tushunchadan anchagina qiynalgan. Oqlarga qaraganda kamroq haq olgan”, - deydi Stenford universiteti olimasi.

Bill Yi fazandlari bu o’tmish haqda bilishini istaydi:

“Ajdodlarimiz boshidan nimalar o’tganini, biz uchun nimalarga chidaganini bilishimiz kerak. Hozir sholi terib yurgan bo’lishim mumkin edi. Ota-bobom bizni o’ylagan axir”.

Stenford universitetining loyihasi yordamida bu odamlar tarixga kiradi, ularning mehnatini avlodlar eslab yuradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG