Amerika fuqarosi Iroqda nasroniylar armiyasini tuzmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi nasoro jangchilari

Suriyadagi nasoro jangchilari

"Islomiy davlat" guruhi Iroq va Suriyada xalifalik e'lon qilgandan beri minglab g'arbliklar kelib ularning safiga qo'shilgan. Ayni paytda jangarilarga qarshi kurashish uchun ham Yaqin Sharqqa yo'l olayotgan G'arb fuqarolari bor.

O'tgan hafta "Twitter"da bir amerikalik Iroqda jangarilarga qarshi kurashayotgani haqida ma'lumot qoldirdi.

"Men Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi nasroniylar armiyasini tayyorlashga yordam beryapman", - deb yozadi u.

Metyu VenDayk ismli bu shaxs asli baltimorlik, Jorjtaun universitetidan xavfsizlik masalalari bo'yicha magistrlik darajasiga ega. U "Xalqaro Ozodlik farzandlari" nomli notijorat tashkiloti ta'sis etib, "Islomiy davlat" hujumiga uchragan Yaqin Sharq nasorolarini qo'liga qurol olishga o'rgatyapti.

"Nineva vodiysi mudofaa qismlari" deb nomlangan nasroniylar harbiy guruhi "Islomiy davlat"ga qarshi qurollangan ko'plab nasroniy to'dalardan biri.

"Ular jangarilardan ko'p aziyat chekdi. O'n minglab nasroniylar qochoqqa aylangan va Iroqdagi bu diniy ozchilik hayoti xavf ostida", - deydi u "Skype" orqali "Amerika ovozi"ga bergan intervyusida.

Jangarilar xurujini to'xtatishning eng yaxshi yo'li mahalliy aholini qurollantirish, deydi VenDayk. Buning uchun, unga ko'ra, zaxiraga chiqarilgan AQSh askarlari bu yerga kelib ularni harbiy tayyorgarlikdan o'tkazishi kerak. Allaqachon besh ko'ngilli sobiq harbiy bu yerga kelib ana shunday yordam bermoqda, deydi u.

"Nineva vodiysi mudofaa qismlari" rasmiysi Kaldo Ramzi VenDayk va uning tashkiloti Iroqda besh yuz nasroniy jangchini o'qitayotganini tasdiqladi.

Iroqdagi AQSh konsulligi rasmiylari bizning ishimizni qo'llab-quvvatlashini bildirdi, deydi u.

"Amerika ovozi" bog'langanda, Amerika rasmiylari bu ma'lumotni tasdiqlashni istamadi.

"Iroqqa kelib bu kabi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan Amerika fuqarolari hukumat tashabbusi bilan ish tutayotgani yo'q", - dedi konsullik vakili.

Kurdlarning peshmerga jangchilari ayrim kurd hududlarini "Islomiy davlat"dan tortib olishga muvaffaq bo'lgan, lekin ular nasroniylar yashovchi yerlarni ozod qilishga shoshilmayapti.

"Olti oydan beri na kurdlar va na AQSh kurdlar yeridan 10 daqiqalik narida joylashgan Qaraqosh kabi shaharlarni ozod qilish uchun barmog'ini ham ko'tarib qo'ygani yo'q", - deydi Iroq xavfsizligi bo'yicha mutaxassis Maykl Nayts.

VenDayk bu yerda qilayotgan ishlarini salb yurishiga qiyoslanmaslikni istaydi.

"Bu diniy urush emas va salbchilik yurishi emasligi ham aniq. Bu yeda nasroniylar qo'shnilari bilan tinch yashab kelgan va shunday bo'lib qoladi. Ular o'z yerlarini "Islomiy davlat" guruhidan va shu kabi boshqa terror tahdidlaridan himoya qilishni xohlaydi, xolos", - deydi u.

VenDayk ilgari ham Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etgan. U 2011-yil Muammar Qaddafiyga qarshi liviyalik inqilobchilar bilan ishlagan va uning bu ishi mashhur hujjatli film mavzusiga aylangan edi.

U hozir o'z tashkilotini boshqarish ishlari bilan mashg'ul bo'lib, ochiq janglarda ishtirok etishga ortiq vaqti yo'q ekanini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG