Klinton Global Tashabbusi tub muammolarga yechim izlamoqda

  • Amerika Ovozi

Shu kunlarda Nyu-Yorkda AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton yetakchiligida yirik bir forum o’tmoqda. Klinton Global Tashabbusi deb nomlangan tashkilot har yili shunday yig’in tashkil etadi. Maqsad – turli davlatlarning rahbarlari, yirik tadbirkorlar, insonparvarlar, tabiatparvarlar va faollar bir davrada o’tirib, bir-birini tinglasin, fikr va tajriba almashsin.



Klinton Global Tashabbusini kimlar quvvatlamaydi deysiz. Amaldagi prezident Barak Obamadan tortib, dunyoning eng qaynoq nuqtalarida begunoh insonlar manfaati uchun kurashayotgan fuqarolar.

Obama bu safargi nutqida e’tiborni odam savdosiga qaratdi. Qulchilikka bu zamonda toqat qila olmaymiz, deydi u.

Odamfurushlar qo’liga tushib zo’rg’a omon qolgan bir necha inson taqdiri haqida hikoya qilar ekan, AQSh rahbari davlatlarni bu muammoga qarshi birga kurashib, jumladan majburiy mehnat evaziga ishlangan mahsulotlarni sotib olmaslikka undadi.

“Inson huquqlari uchun kurash - odam savdosiga ham qarshi kurash”, - dedi Obama, uning davlati bu borada o’nlab million dollar ajratganini eslatib.

Klinton Global Tashabbusiga asos solganlardan biri Jon Brayant nazarida bugun muammo borki, global. Hamma birdek ter to’kishi kerak, deydi u.

“Hech bir hukumat biror muammoni yakka o’zi yecha olmaydi. Xususiy sektor va nodavlat tashkilotlar jonbozlik ko’rsatishi, hukumatni to’g’ri yo’lga boshlaydigan kuch sifatida xizmat qilishi kerak. Klinton Global Tashabbusi hamkorlik va mushtarak majburiyatlarni olg’a surmoqda”,- deydi Brayant.

Siyosiy va moliyaviy savodxonlik – zamon talabi, deydi qatnashchilar. Bular bag’oyat muhim omillar.

“XX-asrda asosiy masala demokratiya edi. Huquq, erkinlik va tenglik… Ammo XXI-asrga kelib shuni tushundikki, siyosiy erkinlik qatorida iqtisodiy erkinlikka ham ko’proq urg’u berish kerak. Dunyoning ko’plab nuqtalarida bu umuman yot narsa. Inson o’z oldidagi imkoniyatlarni kengaytirishi uchun pul tilini bilishi kerak. Moliyaviy jihatdan savodsiz bo’lsangiz, bank hisobiga ega bo’lmasangiz, iqtisodiy qulga aylanishingiz oson”.


Brayant Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash orqali ish joylarini yaratish rejasi ishlab chiqilganini aytadi. Masalan, Saudiya Arabistoni 2020-yilga borib o’nlab ming mehnat o’rni vujudga keladi.

Klinton Global Tashabbusi boshlang’ich kapital bor-yo’g’i 500 dollarga teng bo’lgan biznesning 25 turini taklif etadi.

Yig'inda nutq so'zlaganlar orasida Mitt Romni, respublikachilardan prezidentlikka nomzod ham bor

Yig'inda nutq so'zlaganlar orasida Mitt Romni, respublikachilardan prezidentlikka nomzod ham bor

Jon Brayant singari global liderlar fikricha erkin, ta’lim sifati yuqori va ish o’rinlari bisyor bo’lgan jamiyatlar farovon va barqaror bo’ladi. Yoshlar bekor yurmasin desak, ular uchun imkoniyatlarni oshirish kerak. Shu bilan birga ular oldiga konkret talablar ham qo’yish kerak, toki ular bu zamondan muvaffaqiyat qozonish uchun nima qilish zarurligini tushunib yetsin. Burcha va mas’uliyat, halol mehnat va g’amxo’rlik nimaligini bilsin. Bu ishni esa hukumatning o’zi eplay olmaydi, deydi Brayant, xususiy sektor va mustaqil tashkilotlar bosh qo’shishi kerak.

Yig’inda qatnashayotganlardan biri Kongressning sobiq a’zosi, Pennsilvaniya Universiteti professori Marjori Margolis. Xotin-qizlar huquqlari kurashchisi. U boshqaradigan tashkilot (Womens’ International Campaign) turli jabhalarda ish olib bormoqda.

“Sog’liqni saqlash, ta’lim… Bu sektorlar bir-biri bilan bog’liq, chunki ekologiya yoki iqtisodiyotga aralashmay, sog’liqni saqlash sohasidagi muammolarni yechib bo’lmaydi”.
Bill Klinton deydiki, inson insonni hurmat qilishi kerak, afsuski, bugun o’z qadrimizni bilmaymiz. Hukumat bergan va’dalarini bajarsin. Lekin layoqatli tomonlar qo’l qovushtirib o’tirmasin, deydi u. Jamiyatlarni taraqqiyot tomon yetaklash iqtidorli, bilim va tajribali odamlar zimmasida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG