AQSh arab davlatlarini Erondan yanada ogoh turishga undamoqda

  • Amerika Ovozi

Davlat kotibasi Xillari Klinton Birlashgan Arab Amirliklari, Oman va Qatarga safarda, shuningdek kutilmaganda Yamanga bordi.

Davlat kotibasi Xillari Klinton Birlashgan Arab Amirliklari, Oman va Qatarga safarda, shuningdek kutilmaganda Yamanga bordi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Fors ko’rfazidagi arab davlatlariga safar qilib, Eron atom dasturiga nisbatan qanday chora ko’rish mumkinligi haqida gaplashmoqda. Shuningdek, u bu mamlakatlarni qo’shni Iroqqa yordamni oshirishga undamoqda.

Kutilmaganda Yamanda

Bugun Klinton xonim Yaman poytaxti Sanada bo'lib, prezident Ali Abdulla Solih bilan terrorizmga qarshi kurash va mamlakatdagi bugungi ahvol yuzasidan gaplashgan. So'ngra Yaman muxolifati a'zolari bilan suhbat qurgan.

Amerika Arab yarimorolida al-Qoida yana faollashib borayotganidan qattiq xavotirda. Bu guruh, deydi Xillari Klinton, avvalo Yaman tinchligiga raxna solmoqda. Terrorchilar qashshoqlikdan aziyat chekib kelayotgan bu yurtni o'z makoni qilib olmoqchi.

Abu-Dabi, 10 yanvar 2011

Abu-Dabi, 10 yanvar 2011

AQSh Yamanga ko'maklashish uchun bu yil 300 million dollar ajratadi. Neft sanoatini rivojlantirish va suv ta'minotini yaxshilash uchun katta yordam va'da qilmoqda.

Yamanda prezidentlik muddatini uzaytirish masalasi muhokamada. Vashington nazarida bu taklif demokratiyaga qarshi harakat.

1978 yildan beri hokimiyatda o'tirgan Ali Abdulla Solih 2006 yilda yana yetti yillik muddatga saylangan. 1990 yilda shimoliy va janubiy Yaman birlashgan, yangi respublika hukmdori deb e'lon qilingan.

Amerika Ali Abdulla Solihni saylovlar adolatli o'tishini ta'minlab, muxolifatga bosim o'tkazmaslikka undab keladi.

Klinton Abu-Dabida Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vaziri Shayx Abdulla bin Ziyod al-Nahyan bilan, 10 yanvar 2011

Klinton Abu-Dabida Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vaziri Shayx Abdulla bin Ziyod al-Nahyan bilan, 10 yanvar 2011

Kecha Birlashgan Arab Amirliklari, xususan Abu-Dabi va Dubayda bo'lgan Xillari Klinton Yamanga safarini yakunlab, Ummon va so'ngra Qatarga yo'l oladi.

Bu davlatlar rahbarlari bilan keng qamrovli muloqotlar dan maqsad ularni Amerika bilan yaqindan ishlashga ko’ndirish, ayniqsa, Eron masalasiga kelganda.

Razvedka ma’lumotlari shundan dalolat bermoqdaki, Eron 2015 yilga borib yadroviy salohiyatini ancha tiklab olishi, atom quroliga ega bo’lishi mumkin. Bu ogohlantirish Isroil maxfiy xizmatidan kelmoqda.

Fors ko’rfazi tinchligi, kelajagi tahdid ostida, deydi Xillari Klinton. Eron qachon, qanday kuchga ega bo’lishidan qat’iy nazar, uning bugungi o’zboshimcha xatti-harakatlariga nisbatan tegishli chora ko’rish kerak. Amerika bu bilan islomiy respublikaga qarshi amaldagi sanksiyalarni kuchaytirish kerak demoqda.

 Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod Natanz atom inshootida

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod Natanz atom inshootida

“Xalqaro hamjamiyat Eron atom quroli yaratishiga zinhor yo’l qo’ymasligi kerak”,- deydi Xillari Klinton. “Bu xavf ehtimoli ostida yashashni hech kim xohlamaydi”,- deydi u.

Eron Fors ko’rfazidagi qo’shnilari bilan yaqin iqtisodiy rishtalarga ega. Orada azaliy hamkorlik bor. Amerika nazarida Eron mana shu sheriklikka tayanib, BMT qo’ygan sanksiyalarni chetlab o’tishga urinmoqda.

Xillari Klintonning arab rasmiylariga aytayotgan gapi shuki, Eron bilan har qanday savdo va aloqa izchil tekshirilishi lozim, aks holda davlatlar o’z tinchligiga o’zi raxna solayotgan bo’ladi.

Dubayda Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Rashib al-Maktum bilan, 10 yanvar 2011

Dubayda Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Rashib al-Maktum bilan, 10 yanvar 2011

BMT sanksiyalari Eronni ko’plab imkoniyatlardan ayirgan va uni ancha yakkalatib qo’ygan, deydi AQSh Davlat kotibasi.

Eron strategik inshootlari to’laqonli ishlay olmayapti, texnik vositalar yetishmaydi. Natijada, deydi Klinton xonim, yadroviy izlanishlar sekinlashgan.

Islomiy respublika atom energiyasi ishlab chiqarishni kengaytirmoqchi ekanini bildirib, AQShni tuhmatda ayblaydi. Yadroviy qudratga ega bo’lish niyatida emasligini aytadi.

G’arb esa Eronni dunyo ahlini aldayotganlikda, yashirin tarzda yadroviy qurol istida ishlayotganlikda gumon qilib keladi.

Eron atom dasturi yuzasidan navbatdagi xalqaro anjuman kelasi oy Istanbulda o’tadi.

Dubayda Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Rashib al-Maktum bilan, 10 yanvar 2011

Dubayda Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Rashib al-Maktum bilan, 10 yanvar 2011

AQSh Fors ko’rfazi ahlini Iroqqa yaqindan ko’maklashib, uni siyosiy-iqtisodiy jihatdan qo’llashga chaqirmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon va Qatar aholisi asosan sunniy mazhabidagi musulmonlar. Iroqni esa bugun shialar boshqarmoqda.

Lekin aloqalar rivojlanishidan hamma birdek manfaatdor, deydi Xillari Klinton.

“Iroqda elchixona oching. Normal aloqalarga ega bo’ling. Iroq rahbarlari bilan uchrashing, maslahatlashing. Dohada Fors Ko’rfazi Hamkorlik Kengashi bilan uchrashuvda bu masala haqida obdon gaplashib olamiz”,- deydi Klinton.

Abu-Dabida rasmiylar bilan, 10 yanvar 2011

Abu-Dabida rasmiylar bilan, 10 yanvar 2011

Muzokaralarda Isroil-Falastin mojarosi va Yamandagi ahvol ham rasmiylar diqqat markazida.

Klinton xonim Qatar poytaxtida Tinchlik Forumida ham qatnashadi. Unda fuqarolik jamiyatini mustahkamlash va xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish haqida gap ketadi.

Amerika Eron atrofidagi davlatlar bilan diplomatik muloqotni kuchaytirib to’g’ri ish qilmoqda, deydi tahlilchilar.

Lekin bu, ular Vashingtonning hamma gapiga ko’nadi degani emas. Neftga boy, global moliyaviy inqirozdan ko’p qiynalgan, Isroilning Falastinga nisbatan siyosatini qa’tiyan qoralab keladigan, yahudiy davlati va AQSh orasidagi mahkam rishtalarini yoqlamaydigan arab davlatlar o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda yo’l tutishini yashirmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG