Saylovgacha ikki yil, lekin Xillari Klinton asosiy mavzulardan biri

  • Amerika Ovozi

Xillari Klinton, 8-aprel 2014

Xillari Klinton, 8-aprel 2014


AQShda kelasi prezidentlik saylovlariga hali ikki yil bor. Ammo Demokratlar partiyasidan nomzod Xillar Klinton bo’lishi kerakligi haqidagi gaplar anchadan beri yuradi. Klinton xonim shu yilning oxirida qarorini ma’lum qilishini aytgan. Uning ahdi 2016-yilgi saylov natijasini belgilashi shubhasiz.

Xillari Klinton prezidentlikka da’vo qilish-qilmasligini hali aytgani yo’q. U ma’ruza va maktab o’quvchilari bilan qo’shiq aytish bilan band. Yaqinda zimmasiga buvilik ham tushadi. Bu haqda qizi Chelsi ma’lum qildi:

“Mark ikkovimiz juda baxtlimiz. Shu yil oxirida farzandimiz dunyoga keladi”.

“Oilamizda kutilayotgan o’zgarishlardan bag’oyat xurdandmiz,” - dedi yangilik haqida Xillary Klinton.

U birov uloqtirgan tuflidan qochishga ham majbur bo’ldi.

“U nima edi? Ko’rshapalakmi?”

Shunga qaramay Klinton siyosiy kelajagi haqida lom-lim demayapti. Ammo nutqlarida ayollar huquqlarini doim himoya qiladi.

“Bizda va dunyoning boshqa o’lkalarida xotin-qizlarning to’la huquqlarini ilgari surish, imkoniyat va ishtirokini kengaytirish XXI asrning tugatilmagan ishlaridan biri”.

Agar Demokratlar partiyasidan prezidentlikka da’vo qilsa, uning imkoniyatlari katta, deydi Jorj Vashington universitetidan mutaxassis Jon Sayds.

“Demokratlarning eng zo’r nomzodi bo’lardi, chunki hokimiyatdagi prezident boshqa saylana olmaydi. Qolgan nomzodlarga qaraganda, imkoniyatlari juda katta. Istasa, yutib chiqadi”.

Ammo Klinton buni istaydimi? Ayniqsa, 2008-yil Barak Obamaga dastlabki poygada yutqazganidan keyin?

“U aksariyat saylovchilarga yaxshi tanish. Demak, o’z imidji haqida o’ylamasa ham bo’ladi. Bir narsani hal qilishi kerak – prezidentlikni xohlaydimi va g’alaba qozona oladimi?” - deydi Sayds.

Asosiy raqib sifatida u jiddiy tanqidga uchrashi muqarrar, deydi tahlilchi Stiven Xess.

“Hokimiyat cho’qqisiga deyarli yetay deb qolgan odamga hamma tosh otadi. Nafaqat boshqa nomzodlar, balki matbuot ham tosh otishga tayyor turadi. U bunday hujumlar oldida zaif. Boshqa tarafdan oladigan bo’lsak, unga mablag’ ajratayotgan odamlar ko’p. Bu esa prezidentlik poygasida ahamiyatli”.

Klintonning 2012-yil Bing’ozida AQSh elchixonasiga terror hujumlari paytida va undan keyingi harakatlari tez-tez ko’tariladigan mavzu bo’ladi. Uni spiker Jon Beyner ayniqsa ko’p tanqid qilib keladi.

“Bing’ozida to’rt amerikalik halok bo’lgan. Ular oilalari haqiqatni bilishni istaydi. Ular bunga haqli. (Obama) ma’muriyati esa haqiqatni oshkor etishdan bosh tortmoqda”.

Ammo Liviyadagi mudhish voqealar Klinton imidjiga putur yetkazmadi, deydi tahlilchi Karlin Bauman.

“Men Xillari Klinton haqida turli so’rovlardagi savollarni o’rganib chiqqanman. Bunday so’rovlardan kamida 700 tasi o’tkazilgan. 1992-yildan buyon unga munosabat ijobiyligini ko’rish mumkin. Bu g’ayrioddiy hol”.

Klintonning AQSh davlat kotibi sifatida xizmati haqidagi “Qiyin qarorlar” kitobi iyunda bosmadan chiqadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG