AQSh xalqaro hamjamiyatni Pxenyanga qarshi chora ko’rishga undamoqda

  • Amerika Ovozi

Ayniqsa, Xitoydan, Shimoliy Koreyaning yaqin hamkoridan shahdam qadamlar kutilmoqda

Ayniqsa, Xitoydan, Shimoliy Koreyaning yaqin hamkoridan shahdam qadamlar kutilmoqda

AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton xalqaro hamjamiyatni Shimoliy Koreyaning agressiv siyosatiga javob berishga chaqirmoqda. Qo’shni davlatning kemasini cho’ktirib, o’nlab dengizchini o’ldirgan davlat jazolanishi kerak, deydi u.

Klinton bugun Janubiy Koreyada prezident Li Myun Bak bilan uchrashgan. Hamma ayblovni rad etayotgan Shimoliy Koreya esa janub bilan transport qatnovini to’xtatishi mumkinligini bildirmoqda.

Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Seulda so’zlar ekan, xalqaro hamjamiyat Shimoliy Koreya masalasida bir to’xtamga kelishi kerak dedi. Ayniqsa, Xitoydan, Shimoliy Koreyaning yaqin hamkoridan shahdam qadamlar kutilmoqda.

Bahor boshida kommunistik davlat qo’shni Janubiy Koreyaning harbiy kemasiga torpedo otib, 46 dengizchini o’ldirgan. “Bu falokatga qaramay Seul bosiqlik bilan mushohada qilib, qaror izlayotgani maqtovga loyiq”, - deydi Klinton. “Koreya yarim orolida urush boshlashning hech kimga keragi yo’q”.

Xitoy qashshoq Shimoliy Koreyani oziq-ovqat va yonilg’i bilan boqib keladi. Bundan tashqari Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi. Janubiy Koreya esa Kengashdan Shimolga sanksiya qo’yishni so’ramoqda. Xitoy sukutda.

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Yu Myung Xvan xalqaro tergov xulosalariga ishora qilar ekan, Xitoy va Rossiya kabi davlatlar dalil-isbotga ko’z yuma olmaydi deydi.

Davlat kotibasi Xillari Klinton nazarida Shimoliy Koreyani jazolash bir masala, uni xalqaro muzokaralarga qaytarish boshqa bir muhim masala. “Kommunistik davlat o’z xalqi manfaati va kelajagini o’ylab ish tutishi kerak”,- deydi u.

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan aloqani to’xtatgan, savdo uzilgan. Ikki davlat qo’shma loyihasi – chegaradagi Kaesong sanoat kompleksidan janublik sakkiz mutaxassis haydalgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG