AQSh ko'mir konlarida ahvol og'ir

  • Amerika Ovozi

AQShdagi ko’pgina elektr stansiyalari ko’mir o’rniga tabiiy gaz ishlatmoqda. Buning tabiat uchun zarari kamroq. Ammo bunday o’zgarish oqibatida ko’mir konlarida ishlaydigan odamlar aziyat chekmoqda. Mamlakat sharqidagi konlarda butun umr ishlagan odamlar ish va daromadini yo’qotyapti.

Prichard ko’mir koni G’arbiy Virjiniyada joylashgan. U yerda ishlaydigan 55 odam oyiga besh ming dollardan ko’proq maosh oladi. Eng muhimi, konda yiliga 500 ming tonna ko’mir ishlab chiqariladi. Shunga qaramay shaxta kelajagi mavhum. Tabiiy gaz arzonlashgan sari ko’mirga talab pasaymoqda.

Kon bosh menejeri Roki Xakuort aslida tabiiy gazdan emas, Davlat Atrof-muhit muhofazasi agentligining ko’mir ishlab chiqarish borasidagi talablaridan qo’rqish kerak, deydi.

“Agentlikdan ruxsatnoma olish uchun uch yil vaqtimiz ketdi. Bu ishni hali boshlamay turib 1,2 million dollar to’lashga majbur bo’ldik. Kelajakda nima bo’lishi noma’lum, chunki so’nggi 1-2 yil ichida agentlik o’zi bergan litsenziyalarni ko’plardan qaytarib oldi,” - deydi Xakuort

Ruxsatnoma uchun to’langan pulning katta qismi ko’mir olish oqibatida qazilgan tog’lar cho’qqisini qayta tiklashga va mahalliy suvlar ifloslanishining oldini olishga sarflanadi.

G’arbiy Virjiniyadagi konlarning ko’pi daromad keltirmagani bois yopilib ketdi. Qolgan bizneslarning ahvoli og’ir. Amerika Gidravlika va qayta qurish kompaniyasi konlar uchun jihoz ishlab chiqaradi. Kompaniya sohibi Jim Vinkler ilgariga qaraganda ishchilar sonini kamaytirishga to’g’ri keldi, deydi.

“Otgan yilga qaraganda 40 foizga qisqardik. Odamlarim ilgari kuniga 10 soat ishlardi, endi esa sakkiz soat, haftasiga to’rt kun ishlayapti. To’rt xodimni ishdan bo’shatishga majburman. Men bilan 20 yil ishlagan ular. Bu juda qiyin. Umrimda hech qachon hech kimni ishdan bo’shatmaganman,” - deydi u.

“Busted Knuckle” avtomobil sozlash ustaxonasi rahbari Eshli Jastis iqtisodiy qiyinchiliklar odamlar ruhiyatiga ta’sir qilayotganini aytadi.

“Bir umr tanigan, yonma-yon ishlagan odamlarning ishdan bo’shatilishini ko’rsangiz, ko’nglingiz cho’kadi, albatta. Ayrimlar boshqa shtatlarga ko’chib ketdi,” - deydi u.

G’arbiy Virjiniyada mahalliy qonunchi Art Kirkendoll hukumat tabiat uchun zararsiz bo’lgan sanoatlarni rivojlantirishga harakat qilar ekan, ko’mir konlariga qarshi iqtisodiy choralar ko’rmoqda, deydi.

“Bu sohaga qarshi urush olib borilayotgandek. Shunday qonun-qoidalar va talablar joriy etilyaptiki, yaqinda konlarni ishlatishning iloji bo’lmay qoladi. Mahsulot bo’lsa-yu uni sotish imkoni bo’lmasa, yoki uni ishlab chiqara olmasangiz, biznesni yopishga majbur bo’lasiz-da,” - deydi siyosatchi.

Ko’mir sanoatiga qarshi urush talofatlari – bu mahalliy aholi, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG