Marixuananing foydasi va zarari nimada?

  • Amerika Ovozi

Marixuana rastalari

Marixuana rastalari

Shu yil yanvardan AQShning Kolorado shtatida marixuanani nafaqat tibbiy, balki hordiq chiqarish uchun iste’mol qilish mumkin. Hammasi qonuniy, biznes gullab-yashnamoqda.

Bu modda savdosidan shtat yiliga 500 million dollar daromad qiladi. G’aznaga qo’shimcha 67 million dollar soliq kelib tushadi. Ammo nasha iste’moliga qarshilar ham ko’p.

Yillardan buyon noqonuniy ravishda narkotiklar sotish bilan shug’ullangan Mayk Polk yangi qonun sharofati bilan endi qonuniy tadbirkor.

“Nasha yetishtirganim uchun 2000-yilda ushlab, qamashgan meni. Endi hech narsadan qo’rqmay ishlasa bo’ladi. Bundan buyon qornim to’q, ustim ham but,” - deydi u.

Mayk Polkning marixuana sotish uchun ruxsatnomasi yo’q, lekin u o’zi uchun yetishtirishga haqli. Do’konida xaridorlarga nashani bepul tarqatadi – agar ular trubka sotib olsa. Trubkalarga talab oshgan, deydi u.

Ruxsatnomaga ega maxsus do’konlar ilgari marixuanani faqat tibbiy maqsadda sotish huquqiga ega edi. Endi esa ularning ham bozori chaqqon.

Kolorado shtatidagi “Medicine Man” nomli yirik ambulatoriya xodimasi Elan Nelson ko’proq ekin ekayapmiz, yangi ishchilarni yollayapmiz, deydi. Chunki mijozlarning keti uzilmay qoldi.

Ilgari “savdo zo’r bo’ldi” degan kunimiz hozir oddiy kunga aylandi. Ko’pchilik hordiq uchun sotib olayapti", - deydi Nelson.

Elis Gordon va Deloys Vadenning biznesi ham gullab-yashnamoqda. Bu yerda tarkibida nasha bo’lgan pechenye, konfet va piroglar pishiriladi. Chekmaydigan mijozlar uchun.

“Har 7-10 kunda 1000 dona ishlab chiqara olamiz. Talab oshganidan buyon hajmni ham oshirishga to’g’ri kelyapti. Oxirgi marta 2000 dona mahsulot chiqardik,” - deydi Vaden.

Tandiqchilarga ko’ra qonuniy marixuana qanchalik iqtisodiy foyda keltirmasin, uning salomatlikka zarari undanda kattaroq. Rid Spalding – davolanayotgan narkoman.

“Nasha chekishning oqibatlari dahshatli. Hech narsa qilgim kelmasdi, meni yolg’izlatib qo’ydi,” - o'rtoqlashadi u.

Kolorado universitetidan ruhshunos-professor Pola Riggs nasha yoshlar miyasiga jiddiy ziyon yetkazishini aytadi.

“Nashavand o’smirlarning aql-idroki normadan 6-8 pog’onaga pasayadi va qayta tiklanmaydi. Shuning o’zi jamiyatda jiddiy tashvish uyg’otishi kerak,” - deydi professor Riggs.

Kolorado rasmiylari marixuana savdosidan tushadigan daromad spirtli ichimliklar va tamaki kabi bu sanoatni ham nazorat qilish imkonini berishini, shuningdek, ta’lim va muolaja dasturlariga sarflanishini aytadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG