Koni Aylend - mo'jizalar makoni

  • Amerika Ovozi

Nyu-York shahrida, sobiq Sovet Ittifoqidan ko’chib kelgan minglab muhojirlar yashaydigan Bruklin tumani yonida, Atlantika okeanida Koni Aylend (Coney Island) deb nomlangan yarimorol bor. Mana 100 yildan oshibdiki, u shaharliklaru sayyohlarni o’ziga jalb etadi. Bu yerga kelganlar avvalambor oto’yinlarda uchadi. So’ngra okean bo’yida sayr qiladi.

Koni Aylend kengligi yarim kilometr keladi xolos, mittigina joy.

19-asr boshida dam olish maskaniga aylangan.

Birinchi oto’yin 1876-yilda ochilgan. Shundan buyon nyu-yorkliklar har yoz bu yerda jamul-jam. Luna-Park 1903-yilda, mashhur Siklon esa 1927-yilda barpo etilgan. Dunyodagi birinchi “amerikacha gorka”. Tarixiy obida.

Istirohat bog’iga bir oila unga egalik qiladi. 1920-yildan beri tinimsiz ochiq. Biznes yaxshi, minglab odamni ish bilan ta’minlaydi.

Di-jey Vurderis haftasiga yetti kun shu yerda. Vazni 180 tonna keladigan mexanizmni boshqaradi.

“Ishim o’zimga juda yoqadi. Axir Koni Aylend gavharining ishlab turishini ta’minlaydiganlardan biriman. Faxrlanaman bu bilan,” - deydi u.

Ikkinchi Jahon urushidan oldin shahar fabrika va zavodlarida ishlab madori qurilganlar biroz bo’lsa-da, nafasini rostlash uchun Koni Aylendga yo’l olgan. Oromgoh gullab-yashnagan davr. 1960 va 1990-yillar esa ancha qiyin keldi. Sayyohlar oqimi kamaydi.

“…Endi esa oromgoh qayta tug’ildi desak ham bo’ladi. Uchta yangi park qurildi. Hayot qaytdi,” - deydi Vurderis.

Parkda dam olgan odam keyin okean sohilida aylanishi munkin. Besh kilometrlik sayilgoh. Yozning jazirama kunida ayni muddao.

Ko’pgina nyu-yorkliklar, shaharda yashaydimi, boshqa joylarga ko’chib ketganmi, bu yerlarni qo’msaydi. Ayniqsa, mashhur Natan kafesini. 1916-yilda ochilgan bu ovqat do’konida xotdog va qovurilgan kartoshka sotiladi. Shu bilan nom qozongan.

Alfonse Lorente kafega oilasi bilan kelib turadi:

“Mazasi og’zingizda qoladi. Hidini aytmaysizmi. Garmdori qo’shsangiz bormi. Bay-bay-bay. Mo’jizaning o’zginasi”.

Xotdog kabi ovqatlarga qiziqmaganlar uchun boshqa joylar bor.

“Koni Aylendga singlim bilan birga keldik. U o’yinchoq yutdi. Nabiramga beraman,” - deydi bir ayol.

Koni Aylenddagi yirik korporatsiyalar ijara narxini oshirgani bois ayrimlar biznesni yopishga majbur bo’ldi.

Shu yerda tug’ilib o’sgan Monika Ji ko’plab o’zgarishlarga guvoh bo’lgan. Tirikchilik Koni Aylendda, deydi ayol. Umrining oxirigacha shu yerda ishlamoqchi.

“O’lganimdan keyin ruhim shu yerlarda yursa ajabmas. Qonimiz shu yerda to’kilgan”.

Kuz kelib, havo sovumaguncha, Koni Aylend ishlashda, nyu-yokrliklar va sayyohlarni o’ziga jalb etishda davom etadi.


Ko'zni qamashtiradigan shoular

Bu yerga kelgan odam ajoyibu-g’aroyib manzaralarga guvoh bo’ladi. Mo’jizalar makoni bu.

Koni Aylend yarimoroliga har yili yuz minglab odam keladi, nafaqat amerikaliklar balki chet ellik sayyohlar.

Mana bir asrdan oshibdiki, turist nimani orzu qilmasin, hammasi shu yerda muhayyo bo’ladi. 19-asrda asos solingan sirk deysizmi, katta-kichikka mo’ljallangan tomoshalar.

Dik Zigun shu yerda asoslangan notijorat tashkilot rahbari. Maqsad – bu bog’ni asrab avaylash.

“Agar Amerikada ajoyibu-g’aroyib shoulardan biri saqlab qolinsin desak, u Koni Aylenddagi tomoshalar bo’ladi. Bu yerdagi shoularni tomosha qilsangiz, yig’laysiz, kulasiz, baqirib-chaqirasiz, hatto mazangiz qochadi”.

Nigeriya malikasi Pat. Bu ­- sahnada ishlatiladigan taxallus. Koni Aylendda shousi bor.

“Artistlar oilasidanman. Bu yerda ishlay boshlaganimga ancha bo’ldi. Boshida quti ichidagi ayol edim, arralashar edi meni. Asta-sekin boshqa narsalarni ham o’rgandim”.

Alexandro Dyubua xavfli harakatlarga to’la tomosha ko’rsatadi.

“Mashhur fokuschi va gipnozchi Garri Gudini shoularidan ilhom olganman. O’rganganim shuki, imkoniyatlarni sinayverish, urinaverish kerak”.

Rash Xiks oddiy akrobat emas. U Elers-Danlos kasalligi bilan tug’ilgan. Teri, mushak va suyaklari, hatto ichki organlari nihoyatda yumshoq, cho’zsa cho’zilaveradi. Aslida bu xavfli kasallik.

“Bu yerga kelishim bilanoq o’zimni xuddi suvga tushgan baliqdek sezdim. Ilgari meni g’alati, g’aroyib deyishardi, endi esa atrofdagilarning hammasi g’aroyib,” - deydi u.

Bu istirohat bog’ining o’z maktabi va talabalari bor.

Adam Rilman - ustozlardan. Koni Aylenddagi shoularni tomosha qilib katta bo’lgan.

“Xuddi mo’jizalar dunyosiga tushib qolgandek sezardim o’zimni. Tinimsiz kelardim bu yerga”.

Adam Rilman o’nlab noyob artistlarni yetishtirgan.

Tomoshabinni hayronu-lol qoldirish – bularning asosiy ishi.

G’aroyib odamlar ham, ajoyibotlarning shinavandalari ham - hamma shu yerda.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG