AQShda yangi Kongress, eski muammolar

  • Amerika Ovozi

AQShda Respublikachilar partiyasi hukmron yangi Kongress ish boshladi. Birinchi kundanoq ashaddiy konservativ qonunchilar demokrat prezidentga nisbatan keskinroq siyosat yuritishni talab qilmoqda.

Prezident Obama esa muxolifat olg’a surayotgan ayrim qonun loyihalariga veto qo’yishini bildirdi.

Kongressmen Jon Beyner Vakillar palatasi spikeri etib uchinchi muddatga saylandi. Konservativ qonunchilar nazarida Beyner demokratlar bilan hamkorlikka moyil va bu lavozimga loyiq emas.

Natijada spikerning murosasozlikka qarshi bo’lgan 20 dan ortiq safdoshlari unga qarshi ovoz berdi. Ba’zilar umuman ovoz bermadi.

Kapitoliyning boshqa bir qanotida esa vitse-prezident Jo Bayden yangi va qayta saylangan senatorlarni qasamyod keltirdi. Yangi qonunchilarning ko’pi kuzgi saylovda g’olib bo’lgan respublikachilar safidan. Mitch Makkonel - ularning yangi sardori.

“Oldimizdagi vazifalar ahamiyatini tushunamiz. Xalq oldida bosh egib, ishlash kerak. Ishonamanki, imkoniyatlar ham ko’p bo’ladi”, - deydi u.

Yangi Kongress ko’rib chiqayotgan ilk hujjat bu - Kanada neftini AQShga import qilish bo’yicha qonun loyihasidir.

O’tgan yili Senatdagi demokratlar Keystone deya atalmish bu proyektga qarshi ovoz bergan edi. Prezident Obama unga imzo chekishdan bosh tortmoqda. Ammo senator Jon Hoven singari qonunchilar chekinishdan yiroq.

“Kanada va AQSh energiya ishlab chiqarishda hamkorlik qilsa, bundan hamma foyda ko’radi. Oilalar, bizneslar. Iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo’ladi. Rossiya va Eronga bosimni oshirgan bo’lamiz”, - deydi Hoven.

Quvur yotqizishga qarshi tabiatparvar faollar loyihaning atrof-muhitga ta’siri haqida eslatmoqda.

Yangi yilda Kongress ishini yana partiyabozlik va tarafkashlikdan boshlagani tabiiy, deydi siyosiy tahlilchi Villiam Xovel.

“Nazarimda, qonunchilar o’zaro tortishuvlarni davom ettiradi. Senatda avval demokratlar ko’pchilik edi, endi har ikki palatada respublikachilar. Lekin Oq uyda demokrat prezident o’tiribdi. Uning tashabbuslari Kongressdan o’tishi qiyin”.

Oxirgi to’rt yil mobaynida Kongress ikkiga bo’lingan edi. Prezident va respublikachilar murosa qilmas ekan, bu organ samarali faoliyat yuritishiga ishonch past.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG