AQSh diplomatlari: Kubadagi reallikka ko’z yumayotganimiz yo’q

  • Amerika Ovozi

Kongress Obama ma’muriyati rasmiylarini chaqirtirib, Kuba bilan aloqalarni yaxshilash borasida savolga tutmoqda. Qonunchilik organida hukmron respublikachilar bu tashabbusni qo’llab-quvvatlaydimi yoki qarshi chiqadimi, hozircha aniq emas.

Prezident Barak Obama o’tgan yilning dekabrida Kuba bilan rishtalarni tiklash haqida e’lon qilgan edi. Kongressda shundan beri bu mavzu qizg’in muhokamada. Orol davlatga rasmiy delegatsiyalar borib kelayapti.

Davlat kotibi muovini Roberta Jekobsonning aytishicha, jarayon hali ilk pallada.

Aloqalarni normallashtirish ancha vaqt talab qiladi, deydi u.

53 yillik blokadani bekor qilish qarori Kongressda bahslarga sabab bo’lmoqda. Kubalik immigrantlar farzandi, senator Robert Menendez diplomatiya va savdo Kubada ahvolni o’zgartira olishiga ishonmaydi.

“Xitoy bilan 50 yillik hamkorlik nima berdi? Majburiy abort, mehnat lagerlari, bir oilaga bir farzand siyosati, Tibetdagi etnik mojarolar va Dalay Lamaning quvg’in qilinishiga guvoh bo’ldik. Kubada ham shular takrorlanishini istamaymiz”, - deydi u.

1950-yillarda ota-onasi Kubadan AQShga najot izlab kelgan yana bir qonunchi Marko Rubio fikricha, Kastro hukumati demokratik islohotlarga ko’nsagina aloqani tiklasa bo’ladi.

“Ushbu yarim sharda so’nggi 10-20 yilda hali biror marta erkin saylov o’tkazmagan davlat Kubadir. U yerdagi tuzumga yana imkoniyat berish, sabrli bo’lish kerak degan gaplar safsata”, - deydi Rubio.

Ammo Gavana bilan rishtalarni tiklash hukumatni qo’llab-quvvatlash degani emas, deb eslatmoqda ayrim qonunchilar.

“Yangi yondashuvimiz Kubani bir kunda o’zgartirmaydi, lekin 50 yil davom etgan Kubani yakkalash siyosati ish bermadi”, - deydi senator Barbara Bokser.

AQShning inson huquqlari uchun mas’ul bosh diplomati Tom Malinovski qayd etadiki, Obama ma’muriyati Kubadagi reallikka ko’z yumayotgani yo’q. Diplomatiya va savdo bu jamiyatni tashqi dunyoga ochishi mumkin.

“Amerika ularning davlati bilan aloqani tiklayotgani haqida har bir kubalik biladi. Ular orzu-umidga to’la, yangi imkoniyatlar ochilishini kutmoqda. Rahbariyat ularning orzu-umidlarini amalga oshirishga majbur”, - deydi Malinovski.

Yarim asrlik savdo embargosi bekor qilinishi uchun Kongress qonun qabul qilishi zarur. Bunday hujjat qachon ovozga qo’yilishi noma’lum. Agar aloqalar normallashsa, Gavanada ochilajak elchixona uchun moliya ajratilishi ham hozircha mavhum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG