Davlat qarzi, immigratsiya Kongressda dolzarb mavzular

  • Amerika Ovozi

Senatda ko'pchilik demokratlar sardori Garri Rid. Yuqori palata olg’a surgan qonun loyihasi birato’la chegaralarni mustahkamlash, huquq-tartibot idoralarini qo’llab-quvvatlash va 11 million noqonuniy muhojirga fuqarolik uchun yo’l ochishni nazarda tutadi.

Senatda ko'pchilik demokratlar sardori Garri Rid. Yuqori palata olg’a surgan qonun loyihasi birato’la chegaralarni mustahkamlash, huquq-tartibot idoralarini qo’llab-quvvatlash va 11 million noqonuniy muhojirga fuqarolik uchun yo’l ochishni nazarda tutadi.

O’tgan yil Kongress tarixida eng samarasiz davr bo’ldi. Demokratlar ustun Senat va respublikachilar hukmron Vakillar palatasi muhim masalalarda kelisholmadi. Davlat qarz shiftini ko’tarish, immigratsiya – yechimini kutayotgan dolzarb mavzular.

Immigratsion islohot talabi bilan chiqqan faollar Vakillar palatasini iskanjaga olishda davom etmoqchi. Senat o’tgan yili keng qamrovli islohotlar rejasini ma’qullagan edi. Quyi palata spikeri Jon Beyner reformalar zaruratini tan oladi, lekin…

“Immigratsiya tizimiga tuzatishlar kiritish uchun bu mushkul masalaga bosqichma-bosqich yondashish zarur. Amerika jamiyati ko’rsin, biz o’ylab ish tutayapmiz”, - deydi u.

Senat olg’a surgan qonun loyihasi birato’la chegaralarni mustahkamlash, huquq-tartibot idoralarini qo’llab-quvvatlash va 11 million noqonuniy muhojirga fuqarolik uchun yo’l ochishni nazarda tutadi. Vakillar palatasi esa bu masalalarni birga emas, alohida-alohida ko’rib chiqish tafadori.

Ayrim tahlilchilarning aytishicha, noyabr oyida Kongressga saylovlar oldidan Beyner mavzuni muhokamaga olib chiqishi mumkin. Lekin spiker bu bilan o’ziga siyosiy choh qaziydi, deydi Brukings tahlil institutidan Tomas Mann.

“Beyner demokratlarga maq’ul keladigan taklif bilan chiqa oladimi? Shunday bo’lsa, konservativ tarafdorlarini qo’ldan boy beradi. Hozirdan bir narsa deyish qiyin”, - deydi olim.

Respublikachilar partiyasining mahsuli bo’lgan Choychilar harakati Beynerni qator muhim masalalarda cheklab qo’ygan, deydi Mann.

“U Kongressni yana bir oz silkitib ko’rishi mumkin. Lekin gap shundaki, Beyner konservativ kuchlarga tayanadi. Faqat choychilar haqida aytmayapman. Obama prezident bo’lganidan beri muxolifat o’ta konservativ kayfiyatga berilgan”, - deydi tahlilchi.

Amerika universitetidan olim Jeyms Terber so’zlariga ko’ra, Vashingtonning joydan siljimay qolganida aybdorlar ko’p.

“Koalitsiya tuza olmagani uchun prezidentni ayblayman. Lekin Vakillar palatasi respublikachilar qo’lida bo’lgani uchun ham Obama murosa qilolmayapti. Respublikachilar o’z navbatida demokrat prezident nima desa, yo’q deb turib olgan. Atrofda hamma aybdor”, - deydi Terber.

Qonunchilar fevral yoki martda AQShning qarz olish shiftini ko’tarishni ovozga qo’yadi. Kongress uchun bu jiddiy sinov bo’lishi kutilayapti. Prezident Obama respublikachilarni davlat qarzi bahonasida xarajatlarni kesmaslik haqida ogohlantirdi.

Ko’pgina tahlilchilar fikricha, o’tgan kuzdagi kabi hukumatning yopilishi ham iqtisodiyotga qimmatga tushadi, ham saylov oldidan partiyalarni obro’sizlantiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG