Kongress minbaridan so’zlash xorijiy yetakchilar uchun sharaf

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressidek siyosat o’chog’ida minbardan turib so’zlash xorijiy davlatlar rahbarlari uchun sharaf. Bu dargohga hamma ham taklif etilavermaydi.

“Amerika Ovozi” uzoq yillik bu an’ana haqida Senat tarixchisi Don Richi bilan suhbatlashdi.

Xorijiy davlat yetakchilariga Kongress eshiklari turli sabablar bilan ochiladi.

“Ba’zida kelishlariga olamshumul voqealar sabab bo’ladi. Masalan, birinchi va ikkinchi jahon urushlarining tugashi. Ba’zida esa bayramlarda kelib, bizga jo’r bo’lishadi. AQSh mustaqilligining 200 yilligi tantanalariga bir qancha xorijiy rahbarlar tashrif buyurgan, bir nechasi Kongressda so’zlagan. Favqulodda holatlar ham bo’ladi. 1941-yili Perl Xarbor bazasi hujumga uchragach, Vinston Cherchil Kongressga murojaat qilgan”, - deydi Richi.

Mazkur an’ana 1824-yilda boshlangan. Kongressda so’zlagan ilk chet el fuqarosi - Markiz de Lafayet.

“Markiz de Lafayet davlat rahbari bo’lmasa-da, AQSh mustaqilligi uchun kurashda bizga yaqin ittifoqchi bo’lgan, janglarda qatnashgan. Britaniyaga qarshi inqilobda Fransiya Qo’shma Shtatlarni qo’llab-quvvatlagan. General Jorj Vashington bilan do’st tutingan Lafayet oradan 50 yil o’tib, Amerikaga qaytgan va qahramondek kutib olingan”, - deya hikoya qiladi tarixchi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Xitoy prezidentining rafiqasi Madam Chiang Kongressda mehmon bo’lgan. Qonunchilarga Xitoydagi vaziyat haqida so’zlab, AQShdan ko’proq harbiy yordam olishga erishgan.

Shu kungacha 110 dan ziyod xorijiy yetakchilar Kongressda so’zladi, jumladan yaqinda Yaponiya va Afg’oniston rahbarlari.

Bosh vazir Shinzo Abening nutqi muhim, deydi suhbatdosh, Yaponiya eng yaqin ittifoqchilardan.

“Ikki mamlakat o’rtasidagi rishtalarni mustahkamlash uchun imkoniyat bu. Kongress a’zolari tashqi siyosatga taalluqli ko’plab masalalarda ovoz beradi – moliya, tashqi yordam, harbiy xarajatlar, xalqaro savdo. Prezident hozir Osiyo davlatlari bilan savdo bitimini muhokama qilayapti. Qonunchilar bu mavzulardan xabardor bo’lishi muhim”, - deydi Senat tarixchisi.

Kongressdagi nutq janob Abe uchun shaxsiy yutuq hamdir. Uning bobosi, bosh vazir Kishi Nobusuke ham 1957-yilda AQSh qonunchilik organida so’zlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG