Breaking News

Saylov oldidan siyosiy partiyalar latinolar ko'nglini ovlamoqda


Latinolarning prezident saylovlaridagi ishtiroki,1988-2012 - yillar.
Latinolarning prezident saylovlaridagi ishtiroki,1988-2012 - yillar.

4-noyabr kuni Amerikada saylovlar. Vakillar Palatasidagi barcha o’rinlar hamda Senatning uchdan bir qismi ovozga qo’yiladi. Demokratlar va Respublikachilar partiyasi ispanzabon saylovchilar - latinolarning ovozini olishni istaydi. Ammo katta sonli bu jamoani o’z tarafiga og’dirish oson emas.

AQSh fuqaroligini olish marosimi tugashi bilan yangi fuqarolarni saylovchi sifatida ro’yxatga olish jarayoni boshlanib ketadi. Roberto Ernandez o’g’li Xose yordamida registratsiyadan o’tdi. Bu mamlakatda yashayotgan millionlab hujjatsiz muhojirlar o’z ovoziga ega bo’lishi kerak, deydi u.

“Hujjati yo’q odamlarga imkoniyat berilsin, ularga yaxshiroq munosabatda bo’lishsin. Diskriminatsiyaga o’rin yo’q. Hammamizni teng ko’rishsin”, - deydi yangi fuqaro.

2008 va 2012-yillarda ko’pgina latinolar Barak Obamaga ovoz bergan edi. Chunki keng ko’lamli immigratsiya islohotini amalga oshiraman deb va’da bergan u. Ammo Kongressdagi respublikachilar ishning beliga tepdi. Muxolifat uchun chegara xavfsizligi muhimroq. Ular noqonuniy immigrantlar uchun fuqarolikka yo’l ochilishiga ham qarshi.

Odatda demokratlarga ovoz beradigan latino jamoasi Obamadan norozi.

“Prezident Obama nima qildi? Hech narsa. Islohotni kechiktirdi”, - deydi jamoa faollari Los-Anjelesda o’tgan matbuot anjumanida. Ko’plab latino oilalarda kimdir fuqaro, kimningdir esa umuman hujjati yo’q, deydi ular.

Loren Diguesning buvasi va amakisi deportatsiya qilinishi mumkin. Uning o'zi Amerika fuqarosi va saylovda qatnashish huquqiga ega. Prezident ishidan norozi ekanini aytadi.

“Noroziman, chunki boshimga tushdi shunday kulfat. Boshqa oilalarni ham yaxshi tushunaman", - deydi u.

Tadqiqotchi Din Bonnerga ko’ra, Kaliforniyada ispanzabon aholi odatda Demokratik partiya uchun ovoz beradi. Respublikachilarni qo'llab-quvvatlaydiganlari ham bor. Ammo siyosiy qarashlaridan qat'i nazar hozir aksariyat latinolar Obamadan norozi, deydi Bonner.

"Bu jamoa orasida uning obro'si tushib bormoqda. 2012-yilgi saylovda latinolarning to'rtdan uch nafari Obamani qo'llagan bo'lsa, hozir tarafdorlar 50 foizga teng," - deydi u.

Faollarning aytishicha, saylovda ispanzabon elektorat ularning muammosini hal qilib bera oladigan siyosatchilarga ovoz beradi. Iqtisod, ta'lim, sog'liqni saqlash va immigratsiya masalalari ular uchun muhim.

Sharhlovchi Ektor Barreto fikricha, ko'pgina shtatlarda latinolarning ovozi hal qiluvchi rol o'ynaydi.

"Masalan, Kolorado, Shimoliy Karolina, hatto Arkanzasda ham partiyalar qattiq harakat qilishi kerak. Mahalliy saylov bo'ladimi, shtat yoki butun mamlakat darajasidami, ispanzabon saylovchilarning ovozi muhim ahamiyatga ega”, - deydi u.

Bundan ikki yil ilgari ovoz berish huquqiga ega latinolarning atigi yarmi ovoz berishga chiqqan edi. Faollar bu safar jamoani faolroq bo’lishga undayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG