Saylovdan so'ng AQShning Rossiya siyosati o'zgaradimi?

  • Amerika Ovozi

Amerikada 4-noyabr kuni o’tgan saylovlarda Kongressning ikkala palatasidagi o’rinlar uchun bellashuvda respublikachilar g’alaba qozondi. Yangi Kongress AQShning Rossiyaga nisbatan siyosatiga o’zgartirishlar kiritadimi?

Ukrainadagi mojaro sabab Vashington va Moskva orasiga sovuqchilik tushdi. So’nggi chorak asrda ikki tomonlama munosabatlar hozirchalik yomon bo’lmagan, deydi kuzatuvchilar.

Respublikachilar hukmron yangi Kongress AQSh-Rossiya munosabatlariga qanday ta’sir qila oladi?

Milliy mudofaa institutida Rossiya bo’yicha ekspert Jon Parker o’zgarish katta bo’lmaydi degan fikrda.

“Oq uy ma’muriyatining aholi orasida obro’si shu qadar past ediki, saylov natijasi hech kimni hayron qoldirmadi, aksincha natija kutilgandek bo’ldi”, - deydi u.

Maunt Xoliok kollejidan rossiyashunos Stiven Jons bu fikrga qo’shiladi.

“Saylovdan keyin AQSh-Rossiya munosabatlarida keskin o’zgarish bo’lmaydi. Rossiya bilan inqiroz davrida Senatda ba’zi ovozlar balandroq yangrashi mumkin. Ayrimlar AQSh kiritgan sanksiyalar masalasida keskinroq choralar ko’rishga chaqirar balki, lekin keskin o’zgarish bo’lmaydi deb hisoblayman”, - deydi Jons.

Kolumbiya universiteti professori Robert Legvold fikricha, Obama ma’muriyati Moskvani xalqaro sahnada yakkalab qo’yish siyosatini davom ettiradi.

“Sanksiyalar bekor qilinmaydi. Ukrainda ahvol yomonlashsa, AQSh Yevropa davlatlari bilan birgalikda yangi sanksiyalar kiritish, bosimni kuchaytirishga qaror qilishi mumkin. Ayni vaqtda Rossiyaning markaziy Yevropaga tahdidi kuchaysa, NATO orqali mudofaa salohiyati oshiriladi”, - deydi Legvold.

Sobiq Davlat kotibi Genri Kissinjer esa Rossiya xalqaro tizimning uzviy qismi bo’lishi kerakligini ta’kidlaydi.

“Ayniqsa hozir Rossiyani va boshqa davlatlarni hamkorlik qilishga undash katta ahamiyat kasb etmoqda”, - deydi keksa arbob.

Ekspertlar fikricha, 2016-yilgi prezident saylovlarigacha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSh bilan aloqalarni yaxshilashga urinmaydi. Vashingtonda ham bunday xohish yo’q, deydi Robert Legvold.

“Har ikki davlat rahbariyati bir-birini jiddiy muammo, hatto dushman deb ko’rmoqda”, - deydi olim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG