AQSh hukumati yopiq, siyosatchilar bir-biriga tosh otish bilan ovora

  • Amerika Ovozi

Jon Beyner, AQSh Vakillar palatasi spikeri, respublikachilar lideri

Jon Beyner, AQSh Vakillar palatasi spikeri, respublikachilar lideri

Qo'shma Shtatlar hamon dunyoda siyosiy va iqtisodiy jihatdan eng qudratli tuzum. Ammo bugungi ahvol - sharmandalik, deydi amerikaliklar.

Oxirgi marta Qo'shma Shtatlarda hukumat 17 yil oldin ishdan to'xtab qolgan. Qonunan yangi byudjet yilning 1-oktabrigacha tasdiqlanishi lozim. Kongress loyiha ustida hamon kelisha olmadi. 2-oktabr kuni Oq uyda prezident Barak Obama har ikki partiya yetakchilarini, Senat va Vakillar palatasi liderlari bilan uchrashib muloqoy qildi, ammo tomonlar biror to'xtamga kela olmadi. Vaziyat o'nglanmasa, bu iqtisodga milliardlab dollar zarar keltirishi aniq.

30-sentabr kuni respublikachilar hukmron Vakillar palatasi uch bor o'ziga ma'qul hujjatni yuqori organ, Senatga uzatdi.

Demokratlar ko'pchilikni tashkil etuvchi Senat uni darhol rad etdi. Chunki, deydi demokratlar sardori Garri Rid, Vakillar palatasi nayrangbozlik qilmoqda.

"Ular Obama taklifi bilan qabul qilingan Sog'liqni saqlash tizimi islohotiga doir qonunni yo'q qilishga bel bog'lagan va byudjet taqdirini shu qonunga bog'lamoqda".

Rid deydiki, Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner bu yo'ldan qaytib, davlat xarajatlarini o'z ichiga olgan yangi loyihani ovozga qo'yishi lozim.

"Ayyorlikni bas qiling",- deydi Rid, respublikachilarga qarata.

Spiker Beynerning javobi:

"Vakilar palatasi o'z pozitsiyasiga qat'iy. Hukumat uchun zarur mablag'ni ajratishga shaymiz lekin Obama o'z islohot dasturini chetga surishi lozim".

Prezident gapga ko'nsin, sog'liqni saqlash tizimi haqidagi qonun amaliyotga tayyor emas, deydi konservatorlar.

Respublikachilar nazarida bu dastur har bir shaxsdan tibbiy sug'urta talab qilib, nafaqat fuqarolarga balki ular mehnat qiladigan tashkilot va kompaniyalarga ham qimmatga tushadi. Odamlarni ishidan ayiradi, ularni istamagan narsasini xarid qilishga majburlaydi. Konsitutsiyaga zid siyosat bu, deydi qarshi tomon.

Dasturni Oliy Sud ko'rib chiqib, qonuniy deb topgan. Obama ma'muriyatining bildirishicha, islohot tufayli Amerikada hamma sog'liqni saqlash xizmatlaridan bemalol foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladi. Hozirda aholining 15 foizi kasal bo'lsa yordam ololmaydi, chunki sug'urtaga qurbi yetmaydi. Yangi qonun yo'qsil oilalarga ko'makni oshirib, sug'urta kompaniyalariga ko'proq talablar qo'yadi. Respublikachilar deydiki, hukumat odamlarning shaxsiy hayotlariga ta'sir ko'rsatib, tibbiy sug'urta olishni xohlamagan odamlarga jarima solib, jamiyatni bosim ostiga olmoqda. Kompaniyalarga shart qo'yib, bizneslarning beliga tepmoqda. Prezident va muxolifat, demokratlar va respublikachilar o'z iddaolarini asoslash uchun yetarlicha faktga ega ekanini aytadi. Tortishuvda biror tomon yon bergisi yo'q.

Natijada bir millionga yaqin federal xizmatchi ishga chiqolmayapti. Prezident Obama davlat xavfsizligi va harbiy soha uchun zarur mablag' ajratishni ko'zlab, maxsus farmon chiqardi. U shunday vakolatiga ega.

"Siz va oilangiz Kongressning ahmoqligi sabab azob chekmasligi kerak. Aksincha, biz sizni qadrlashimiz lozim. Harbiylarimiz - dunyodagi end qudratli kuch. Men Kongress bilan til topishib, hukumatni ishga qaytarish uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rayapman",- dedi Obama Oq uydan turib so'zlar ekan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG