AQSh huquq-tartibot organlari musulmonlar bilan hamkorlik qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh huquq-tartibot idoralarining aytishicha, terrorizmga qarshi kurashdagi eng yaxshi qurol bu jamoatchilikning yordamidir. Ammo hukumat va turli guruhlar, ayniqsa, musulmon jamiyatlari bilan o'zaro ishonch o'rnatish oson bo'lmaydi.

Terrorga qarshi kurashda AQSh barchaning yordamiga tayanishini aytadi. Politsiya va aholi o'rtasida ziddiyatlar kuchaygan bir paytda, hukumat bizga ishoning, demoqda.

"Huquq-tartibot idoralariga yetarli darajada ishonishingiz kerak. Odamlarga aytadigan gapim: umidni uzmang. Aholini himoyalaydigan va ularga xizmat qiladiganlar faqat bizmiz. Bu ishni esa ularning yordamisiz amalga oshira olmaymiz", - deydi Frederik okrugi politsiyasi rahbari Chak Jenkins.

Hukumat zo'ravon va ekstremistik g'oyalarga qarshi kurashayotganini aytadi. Ammo ayrim musulmon amerikaliklar e'tiqodlari bois nishonga olinayotganlaridan norozi.

"Huquq-tartibot organlari bilan muammo shundaki, ular faqat musulmonlarga e'tibor bermoqda. Aslida, ulardagi ma'lumotlarga ko'ra, muammo bundan kengroq", - deydi Dorul Hijra islomiy markazi imomi Johari Abdul Malik.

O'tgan oy Charlstonda to'qqiz odamning hayotiga zomin bo'lgan otishma ortidan politsiya bunday tanqidlarni tushunishini va zo'ravonlikni, qayerda bo'lmasin, yo'q qilishga urinayotganini aytadi.

"Biz har bir ota-onadan farzandlarining ijtimoiy tarmoqdagi faoliyatini, telefon yozishmalarini kuzatib borishlarini so'raymiz. Ular noto'g'ri guruhlar bilan aralashib qolgan bo'lishi mumkin. Nafaqat musulmonlar, balki boshqa mahalliy guruhlar ham jiddiy xavotir uyg'otmoqda", - deydi sherif Jenkins.

Politsiya ishi o'z samarasini berayotgandek.

"Aholi bilan ishlashga asoslangan kuzatuv natijasida musulmon jamiyatlari oralaridagi ayrim radikallar haqida xabardor qilishdi. Bu AQShdagi fitnalarning oldini olishga yordam berdi", - deydi G'arbiy Illinoys universiteti professori Din Aleksandr.

O'n yildan ziyod davom etgan ishonchsizlik ketidan hukumat va musulmonlar o'rtasida nihoyat hamkorlik kuchaymoqda. Bu esa o'rtadagi ziddiyatlarni yumshatayotgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG