AQSh Oliy sudi ro'mol o'ragan musulmon ayolning huquqi buzilgan deb topdi

  • Amerika Ovozi

Samanta Elauf 2008-yil ro'moli borligi uchun "Abercrombie" kompaniyasi tomonidan ishga olinmagan edi.

Samanta Elauf 2008-yil ro'moli borligi uchun "Abercrombie" kompaniyasi tomonidan ishga olinmagan edi.

AQSh Oliy sudi ro'mol o'ragani uchun ishga olinmagan amerikalik ayolning huquqlari buzilgan deb topdi.

Islomga e'tiqod qilgani uchun boshiga ro'mol o'ragan Samanta Elauf 2008-yil Oklaxoma shtatida "Abercrombie & Fitch" do'konida ishlash uchun ariza topshirganda, kiyinishi ichki tartib-qoidalarga mos kelmagani uchun, kompaniya ishga olishdan bosh tortgan edi.

Oliy sud ishni ko'rishda kompaniyalar ishchilarning diniy e'tiqodlari buzilmasligi uchun oldindan sharoit yaratishga majburmi yoki ishchilar buni so'rab olishi kerakmi, degan savolga javob qidirgan.

"Ish uchun o'tgan suhbatda u musulmon bo'lgani uchun ro'molini yechmadi. Diniy e'tiqodi bois "Abercrombie" kompaniyasi uni ishga olmadi", - deydi Diniy erkinlik bo'yicha Beket jamg'armasi xodimi Erik Bekster.

Kompaniya vakillari esa Elauf e'tiqodi bois emas, balki boshidagi ro'moli ish joyidagi kiyinish qoidalariga mos kelmagani uchun yollanmaganini aytadi.

Elaufni himoya qilib Oliy sudga kelgan musulmon faoli Zaynab Choudri hijobli qizlar shunday muammolarga tez-tez yuz tutayotganini aytadi.

"Lekin sizni olishmaganining sababi ro'molmi yoki boshqa narsami, hech qachon bila olmaysiz. Ko'p ish beruvchilar mendan e'tiqodim, kelib chiqishim haqida savollar so'rashgan", - deydi u.

To'qqiz sudyadan sakkiztasi ma'qullagan Oliy sud qaroriga ko'ra, diniy e'tiqodi bois qiz kompaniya tomonidan diskriminatsiyaga uchragan.

Samanta Elauf ayni paytda "Urban Outfitters" nomli boshqa kiyim-kechak do'konida menejer ekani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG