AQSh va Kuba diplomatik aloqalarni tiklash sari jadal qadamlar qo’ymoqda

  • Amerika Ovozi

Vashingtonda bo'lib o'tgan muzokaralarda AQSh vakillariga Roberta Jeykobson boshchilik qildi

Vashingtonda bo'lib o'tgan muzokaralarda AQSh vakillariga Roberta Jeykobson boshchilik qildi

AQSh va Kuba diplomatik aloqalarni tiklash sari jadal qadamlar qo’ymoqda. Ikki davlat vakillari Vashingtonda uchrashib, qator masalalarni muhokama qildi. Muzokaralarning ikkinchi bosqichi muvaffaqiyatli o’tdi, deydi rasmiylar.

Kubaliklar yillar davomida ko’rolmagan qarindoshlari bilan uchrashuvni kutmoqda.

Bu AQSh-Kuba diplomatik aloqalarining o’rnatilishiga hissa qo’shayotgan insonlar say’-harakati mahsulidir.

Kubaga sayohat qilish, orol bilan savdo-sotiq yuritishga oid cheklovlar asta-sekin bekor qilinar ekan, AQSh va Kuba delegatsiyalari Vashington va Gavanada elchixona ochish va boshqa masalalarni muhokama qilmoqda.

Muzokaralarning Vashingtonda bo’lib o’tayotgan ikkinchi bo’sqichidan so’ng Kuba delegatsiyasi rahbari Jozefina Vidal Gavana nomidan gapirib, AQSh Kubani terrorchilik homiylari ro’yxatidan chiqarib tashlashi kerak, dedi.

“Kuba va AQSh diplomatik aloqalarni qayta tiklasayu, Kuba biz uchun nomaqbul bu qora ro’yxatdan chiqarib tashlanmasa, xalqqa buni tushuntirish qiyin bo’ladi,” - deydi Vidal.

Kuba rasmiysi bu iltimos, aloqalarni tiklash shartimas, deydi. AQSh delegatsiyasi rahbari, davlat kotibining muovini Roberta Jeykobsonning bildirishicha, masala Vashingtonda ko’rilmoqda.

“Qonun nima desa, shunga qarab ish tutamiz. Diplomatik aloqalarning qayta tiklanishini alohida mavzu sifatida ko’rmoqdamiz,” - deydi rasmiy.

Kuba delegatsiyasi Gavana AQSh moliyaviy xizmatlaridan kengroq foydalana olishiga umid bildirdi.

AQSh diplomatlarining orolda bemalol yurishi va kubaliklar bilan muloqot qilishini muhokama qilgan Vashington vakillari esa masalada siljish bor, deydi.

“Har ikki tarafda bir-biriga nisbatan shubha va ishonchsizlik kuchli,” - deydi “Amerikalararo dialog” tashkiloti prezidenti Maykl Shifter.

Uning bildirishicha, Kubada AQSh niyatiga gumon bilan qarayotganlar yo’q emas.

“Agar AQSh diplomatlari Kubada bemalol yura olsa, tuzumni o’zgartiramiz degan muxolifatchi va dissidentlar bilan til biriktirmasligini kafolatlash kerak, deyayotganlar ham bor”.

Oq uy siyosatini tushuntirar ekan, Shifter o’zgarishlarga kubaliklarning o’zi sabab bo’lishiga umid qilaylik, deydi.

“AQSh munosabatlarning tiklanishi natijasida Kuba xalqi o’z ta’siri va qudratiga ishonsin, internet orqali dunyo bilan bog’lansin, yer yuzida nimalar bo’layotganidan xabar topsin, deya umid qilmoqda. Shunda Kubada aholi bir bo’lib o’zgarish talab qiladi, hukumatga siyosiy bosim ko’rsatadi, xalq o’z kelajagini o’zi belgilaydi,” - deydi Shifter.

Tomonlar qator uchrashuvlar o’tkazishni rejalagan. Ularda turli masalalar, jumladan, amerikaliklarni tashvishlantirayotgan inson huquqlari mavsuzi muhokama qilinadi.

AQSh delegatsiyasi rahbari so’zlashuvlar nihoyatda sermahsul o’tganini aytdi. Vashington va Gavanada elchixonalar aprelda Panamadagi Amerika sammiti chog’ida ochilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG