AQSh va Kuba elchixonalari 20-iyulda ochiladi

  • Amerika Ovozi

AQShning Kubadagi manfaatlariga javob beruvchi rasmiy Jeffri Delaurentis (chapda) Kuba Prezidenti Raul Kastroga Barak Obamaning elchixonalarni ochish haqidagi nomasini topshirmoqda, Gavana, Kuba, 1-iyul, 2015-yil

AQShning Kubadagi manfaatlariga javob beruvchi rasmiy Jeffri Delaurentis (chapda) Kuba Prezidenti Raul Kastroga Barak Obamaning elchixonalarni ochish haqidagi nomasini topshirmoqda, Gavana, Kuba, 1-iyul, 2015-yil

AQSh va Kuba yarim asrlik tanaffusdan so'ng elchixonalarini ochishga kelishib oldi. Prezident Barak Obama bugun Kuba xususida bayonot qilib, shu yoz Davlat kotibi Jon Kerri elchixonani ochish uchun Gavanaga safar qilishini aytdi.

Elchixonalar 20-iyulda ochilishi rejalangan. Hozircha har ikki davlat bir-biri bilan Shveysariya elchixonalaridagi vakillari orqali muloqot qiladi. AQShning Kubadagi vakili Jeffri Delaurentis bugun Kuba Prezidenti Raul Kastroga Obamaning elchixonalarni ochish haqidagi nomasini topshirdi.

Ikki g'anim mamlakat o'rtasidagi diplomatik aloqalarning tiklanishi haqida dekabrda ma'lum bo'ldi. Ungacha tomonlar bir necha bor xufyona uchrashgan. Munosabatlarning tiklanishi haqida rasman e'lon qilinganidan so'ng esa ikki davlat delegatsiyalari muloqot qilgan.

Aprel oyida Obama va Kastro Panamadagi sammitda yuzma-yuz uchrashishga muvaffaq bo'ldi. Shundan so'ng AQSh Kubani terror homiylari ro'yxatidan olib tashladi.

Kongressdagi ayrim qonunchilar Kuba bilan munosabatlarning iliqlashishini tanqid qilmoqda. Ular nazarida Gavana inson huquqlarini yaxshilagani yo'q.

AQShning Gavanadagi elchixonasi uchun pulni Kongress ajratadi, biroq Kuba hukumatiga qarshi qonunchilar bunga to'siq qo'yishi va elchilikka nomzodni tasdiqlamasligi mumkin. AQShning Kubaga qo'yilgan iqtisodiy embargosini bekor qilish ham Kongress vakolatida.

Obama Kongressni embargoni olib tashlashga chaqirdi.

"50 yil davomida embargo ish bermadi", - dedi AQSh rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG