AQSh-Kuba: Migratsiya, qoradoriga qarshi kurash muhokamada

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlarga Kubadan qo'chib kelayotgan muhojirlar sonining keskin oshishi va ikki mamlakat o’rtasida qoradori savdosiga qarshi kurash masalasini AQSh va Kuba rasmiylari Vashingtonda muhokama qildi.

Kubalik migrantlar ko’paymoqda

AQSh Bojxona va chegara xizmati ma’lumotlariga ko’ra, 2014-yilda AQShga 24 ming kubalik kelgan bo’lsa, 2015-yilda bundaylar soni 43 mingga yetdi.

Ikki davlat orasidagi munosabatlar qiyinligida AQShga yetib kelgan kubaliklar mamlakatda bir yil yashaganidan keyin doimiy turish va ishlash huquqini olishi mumkin edi. Bunday qonun 1966-yilda qabul qilingan va hamon amal qiladi. Biroq sobiq dushmanlar orasi iliqlashar ekan, ko’plab kubaliklar u qonun bekor qilinishidan xavotirda.

Mamlakatga kirish yo’llari

Qoidalarga ko’ra, AQSh sohiliga yetib kelgan kubalik mamlakatda qolish huquqiga ega, ammo dengizda qo’lga tushganlar vataniga qaytariladi.

Vashington qonun-qoidalarga o’zgartish kiritmoqchi emas.

Davlat departamentining bildirishicha, kubalik muhojirlarni qonunga zid ravishda AQShga yetkazayotgan va buning evaziga katta pul talab qilayotgan kontrabandachilarga qarshi kurash yo’llarini taraflar muhokama qilyapti.

Shu oy boshida Ekvador Kubadan kelayotgan qochqinlar sonini kamaytirish maqsadida viza talablarini o’zgartirayotganini ma’lum qildi. Bunga javoban Ekvadorning Gavanadagi elchixonasi oldida kubaliklar nozorilik namoyishi uyushtirdi.

Nikaragua ham Kosta-Rika bilan chegarada yig’ilgan minglab kubaliklarga kirishga ruxsat etmasligini e’lon qilganidan so’ng ziddiyat vaj olgan.

Minglab kubaliklar Janubiy Amerika va Panamadan Kosta-Rika orqali shimolga yo’l olgan.

AQSh ham tanqid ostida

Kuba hukumati rasmiysi Jozefina Vidal Vashington siyosati kubalik noqonuniy muhojirlarning ko’payishiga sabab bo'lmoqda, deydi.

Arizona shtatidan kongressmen Pol Gosar esa “kubalik muhojirlarga AQShda immigratsion maqom olmoqchi bo’lgan boshqa har bir kishiga yondashgandek yondashishimiz kerak”, deb 1966-yilgi qonunni bekor qilishga chaqirdi.

Narkotiklar savdosi - dolzarb masala

AQSh va Kuba qoradori savdosiga qarshi kurash bo'yicha muloqotda.

Bir yil oldin Prezident Barak Obama Kuba bilan yarim asr davom etgan sovuq urushga chek qo’ygan va ikki mamlakatni munosabatlarni yaxshilashga da’vat etgan edi. Shundan keyin ishchi guruhlari ta’sis etildi.

Shu yil yozida AQSh Gavanada, Kuba esa Vashingtonda elchixona ochishga muvaffaq bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG