Kuba bilan diplomatik aloqalarning tiklanishiga munosabat turlicha

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari Barak Obama Kubada elchixona ochilishini ma'lum qilmoqda, Vashington, 1-iyul, 2015-yil.

AQSh rahbari Barak Obama Kubada elchixona ochilishini ma'lum qilmoqda, Vashington, 1-iyul, 2015-yil.

AQSh va Kuba o’rtasida diplomatik aloqalarning tiklanishi dunyo bo’ylab iliq kutib olindi Ammo AQShning o’zida bunga munosabat turlicha.

BMT Bosh kotibi Pan Gi-Mun Gavana va Vashingtonda elchixonalar ochilishi haqidagi qarorni olqishlagan.

Bir necha o’n yillardan beri ikki mamlakat o’rtasidagi aloqalar Shveysariya vositachiligida amalga oshirib kelingan. Bu davlat ham o’zgarishlardan mamnun.

AQSh bo’ylab esa aloqalarning qayta tiklanishiga munosabat turlicha. Vakillar palatasi spikeri respublikachi Jon Beynerning aytishicha, Obama ma’muriyati Kastrolarni qonuniy hukumat sifatida tan olib, ularning bir umrlik orzusi ushalishiga sababchi bo’lmoqda. Vaholanki, zolim va kommunist diktaturadan aziyat chekayotgan Kuba xalqi bu o’zgarishlar evaziga hech vaqo olmadi, deydi u.

Demokrat senator Robert Menendez ham tanqidlarga qo’shilib, orol xalqi erkinlik va ozodlikdan mahrum ekani, Amerika u yerda zolim siyosat davom etishiga izn berayotganini ta'kidladi.

Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Nensi Pelosi bu fikrlarga qo’shilmaydi.

“Elchixonalarni qayta ochish Kuba bilan yangi va yanada samarali aloqalarni o’rnatishga asos yaratadi. Bu amerikaliklarning asosiy maqsadlari bo’lgan inson huquqlarini targ’ib qilish, giyohvandlikka qarshi kurash, Amerika kompaniyalari uchun biznes imkoniyatlarini yaratish, migratsiya, oilalarning birlashuvi hamda diniy-madaniy aloqalarni o’rnatish kabi faoliyatlarni amalga oshirishga xizmat qiladi”, - deydi u.

Demokrat senator Patrik Lixi ham shunday fikrda.

“Nihoyat, 55 yildan so’ng jazolash asosiga qurilgan samarasiz va muvaffaqiyatsizlikka uchragan yakkalash siyosati tugayapti, - dedi u. – 55 yildan so’ng dunyo bo’ylab barcha odamlarning orzu-umidlarini namoyon qiluvchi eng boy, eng qudratli davlat o’zining eng yaxshi tomonlarini ko’rsatish uchun Amerika va kubaliklar nomidan ishlaydigan rasmiy elchxonasiga ega bo’ladi”.

Kubalik muhojirlar farzandi Marko Rubio kabi ayrim qonunchilar AQSh elchisini Senat tasdig’idan o’tkazmaslik bilan tahdid solmoqda.

Navbatdagi qadam sifatida Kubaga qo’yilgan savdo embargosini olib tashlashga chaqirayotgan qonunchilar ham bor. Demokrat senator Emi Klobushar “Twitter” orqali murojaatida shuni tilga oldi.

Mavzu yuzasidan fikri o’zgarganlar ham bor. Demokrat senator Bil Nelson ikki oy avval “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Kuba bilan aloqalarni yaxshilash uchun, avvalo, ular inson huquqlarini toptashni to’xtatishi va qonun ustuvorligini tan olishi lozim, degan edi.

Chorshanba kuni qilgan bayonotida esa u aloqalarning o’rnatilishi o’zi istagan islohotlarning amalga oshishiga zamin yaratishini ta’kidladi.

“Hanuz Kastroga ishonmayman, lekin biz bu rejimni ochilishga, inson huquqlarini buzishni to’xtatib, Kuba xalqiga asosiy huquqlarni berishga majburlashimiz kerak, - dedi u. – Nazarimda, elchixonalarni qayta ochish shu maqsadga erishish yo’lidagi uzun jarayonda muhim qadam bo'ladi”.

Qarashlarning barchasi ham siyosiy emas. Amerikaliklar ham ijtimoiy tarmoqlar orqali o’z fikrlarini bildirmoqda. Ularning aksariyati odamlar o’rtasidagi aloqalarga va yangi biznes imkoniyatlariga e'tibor qaratgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG