Kuba terrorni qo'llab-quvvatlovchi davlatlar ro'yxatidan chiqarildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Kubani terrorizmni qo’llab-quvvatlovchi mamlakatlar ro’yxatidan chiqardi. So’nggi paytda ikki mamlakat o’rtasida aloqalar iliqlashib, ellik yillik dushmanona kayfiyat ortidan diplomatik munosabatlar qayta tiklangan edi.

AQSh rahbari Barak Obama yaqinda Kuba Prezidenti Raul Kastro bilan uchrashgach, bu mamlakatni terrorchilar ro’yxatidan chiqarish niyati borligini ma’lum qildi. AQSh Kongressi 45 kun ichida bunga qarshi o’z e’tirozini bildirish imkoniyatiga ega edi, ammo bunday qilmadi.

Kongressga berilgan muddat juma kuni nihoyasiga yetgach, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Kubani rasman ro’yxatdan chiqardi. Davlat departamentiga ko’ra, AQShning orol qo’shnisi so’nggi olti oy ichida biror terror faoliyatini qo’llab-quvvatlagani yo’q va kelajakda ham bunday ishlarga qo’l urmasligiga AQShni ishontirgan.

Kuba bundan buyon xalqaro moliya bozorlariga chiqib, Jahon banki kabi tashkilotlardan yordam olishi mumkin.

Savdo, ta’lim va sayyohlik bo’yicha o’zaro aloqalarni tiklash yuzasidan AQSh va Kuba diplomatlari muzokara olib bormoqda. Kubada inqilobchi Fidel Kastro 1959-yil hokimiyatga kelgandan beri AQSh va bu davlat o’rtasida diplomatik aloqalar uzilgan edi. O’tgan yil oxirida har ikki mamlakat rasmiylari munosabatlarni qayta tiklash qaroriga kelganini ma’lum qildi.

AQSh Davlat departamentining terror homiylari nomli ro’yxatida uch davlat qoldi. Bular – Eron, Sudan va Suriya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG