AQShda oshpazlikni o'rganayotgan xorijlik yoshlar

  • Amerika Ovozi

1946-yilda Amerikada Oshpazlik institutiga asos solingan. Hozirga kelib bu dargoh dunyodagi eng ilg'or o’quv yurtlaridan biriga aylangan. AQShning uch shahri hamda Singapurda bo’limlari bor. Talabalarning 12 foizdan oshig’i – xorijliklar.

Nyu-Yorkda joylashgan institutda taxminan 2500 talaba o’qiydi, 300 nafari 48 mamlakat vakili.

Brendan Uolsh bu maskan rahbari.

“Talabalarimiz asosiy bilimni o’qishning birinchi ikki yilida oladi. Eng muhimini o’rganadi. Kelajakda restoranda ishlaydimi, boshqa joydami, tanqidiy fikrlash va yondashishga o’rganadi. Turli muammo va qiyinchiliklarni hal etishda kerak bo’ladi bu ko’nikma”,- deydi u.

Yigit va qizlar turli fanlardan bilim oladi, masalan, mana bu ilmiy laboratoriyada ovqat tayyorlashga masalliq qanday ta’sir qilishini o’rganishmoqda.

Pokistonlik Haya Emman:

“Har bir masalliqning roli qanday? Uni nima uchun ishlatamiz? Bundan maqsad nima? U ovqatga qanday ta’sir qiladi? Maza beradimi? Suyuq yoki quyuqlashtiradimi? Yoki rangini o’zgartiradimi? Mana shularni o’rganamiz”.

O’qishni bitirgach Emman Pokistonga qaytib, Karachida go’zal bir restoran ochmoqchi. Uning kursdoshi, meksikalik Regina Arduraning orzusi esa boshqa.

“Yangi reseptlarni sinab ko’radigan oshxonada ishlamoqchiman yoki vino chiqaradigan joyda sharbatlarning yangi turlarini yarataman,” - deydi u.

Oshpaz bo’lish uchun meva-sabzavot va boshqa masalliqlarni yaxshi tushunish kerak. Masalan, mana bu dars kartoshka haqida. Yana birida talabalar restoranda ishlashni o’rganyapti. Ovqatni bezashni yoki muzqaymoq qilishni.

“Suyuq azot qo’shsak muzqaymoqqa aylanadi. Chunki yanada ko’proq muzlaydi. Quyuqligi ham me’yorida,” - deydi bu talaba.

Xitoylik Kristal Tanga o’xshab, pishiriqlarni yaxshi ko’rsangiz ham bu yer sizga ayni muddao.

“Pishiriq qilishdan maroqli ish bormi o’zi? Oddiy masalliq yordamida odamlarni baxtiyor qilasiz. Aynan shuning uchun men qandolatchilikka qiziqaman,” - deydi u.

Kristal kelajakda dunyo kezib, turli joylarda ishlab ko’rmoqchi, rang-barang masalliqlar yordamida yangi tort va pirojniylar yaratmoqchi.

Bosh murabbiy Jey Lui Britaniyadan:

“5-6 yildan keyin amerikalik oshpazlar chet elga chiqmay turib turli mamlakatlar milliy taomlarini o’rganish imkoniga ega bo’ladi. Ular dunyodagi eng zo’r restoranlarni ochadi, chunki bizning maktabga o’xshagan o’quv dargohlarida o’qiyapti”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG