Breaking News

Gollivuddagi kar yulduzlar


Gollivudda muvaffaqiyatga erishish oson emas. Ayniqsa nogiron aktyorlar uchun. Los-Anjelesdagi bir tashkilot qulog’i kar artistlarning Gollivuddagi muvaffaqiyatini taqdirladi.

Natasha Ofili go’dakligidan beri kar.

“Tug’ilganimda qulog’im eshitardi. Lekin 1,5 yoshligimda issig’im chiqib, kar bo’lib qoldim,” - deydi u.

Ofili taniqli kiyim dizayneri, yosh aktrisa ham. Fotosuratlarni rejissyorlar ko’radi, degan umidda.

Yaqinda Ofili “Aytilmagan gaplar” nomli qisqa metrajli filmda suratga tushdi. Kattaroq rollarni ham ijro etishni xohlaydi.

“Men uchun bu san’at. Moda ham san’at. Aktrisalik faoliyatini boshlaganimda rolni ijro etib, juda hayajonlanganman,” - deydi u.

Ofili “Tug’ilganda almashib qolganlar” nomli serialni yaxshi ko’radi. Unda aktrisa Konstans Mari qizi kar ona rolini ijro etgan. Buning uchun aktrisa belgilar tilini o’rgandi - uch hafta ichida.

“Nogiron aktyorlar bilan ishlash boshqa aktyorlar bilan ishlashdan farq qilmaydi. Ammo bu rol orqali men o’zim karlar dunyosini kashf etdim. Serialimizda nogironlar aravachalaridagi odamlarni ham ko’rasiz, turli elatlarning vakillarini ham. Qahramonlarimiz rang-barang. Jamiyatda shunday odamlar bor ekan, televideniyeda ham bu aks etishi kerak, deb hisoblayman,” - deydi Konstans Mari.

Gollivudga nisbatan doimiy tanqidlardan biri shuki, filmlarda jamiyatdagi xilma-xillikni ko’rmaysiz. Kar aktyorlar, masalan, asosan, epizodlarda chiqadi.

Gollivudda ancha tanilgan va balki eng mashhur kar aktrisa sifatida shuhrat qozongan yulduz – Oskar mukofoti sovrindori Marli Matlin. Yaqinda u Karlar milliy uyushmasining maxsus sovrini bilan taqdirlandi.

Tashkilot rahbari Xovard Rozenblum tarjimon orqali aktrisa haqida shunday dedi:

“U mavjud tasavvurlarni va to’siqlarni yo’q qildi. Karlarni ko’rganlar odatda “e, ular hech narsa qilolmaydi”, deb o’ylaydi. Vaholanki bu aktrisa biz raqsga ham tusha olishimizni, rol ijro etish va hatto bir kechaning o’zida xayriya uchun 1 million dollar topa olishimizni ko’rsatdi. Marli Matlin bir o’zi buning uddasidan chiqqan”.

1880-yilda asos solingan Karlar milliy uyushmasi AQShdagi eng birinchi fuqarolar huquqlari tashkiloti.

Bu yili u Gollivudning bu sohada faol yulduzlarini taqdirlab, masalaga e’tibor qaratdi.

Tarjimon orqali gapirar ekan, Marli Matlin siljish bor, lekin qilinadigan ishlar hali talay, deydi.

“Biz hamma narsaga qodirmiz. Faqat eshita olmaymiz, xolos. Ijodkorlarning ishi yanada sermahsul bo’lsin, deyman. Rejissyorlar, prodyuser va ssenariy mualliflari bilan gaplashganimda harakatlar borligi va muvaffaqiyat yo’lidan ketayotganimiz ayon bo’ladi. Lekin ular yetarli emas. Ishni davom ettirish kerak,” - deydi aktrisa.

Ofili kabi kar ijodkorlar Marli Matlin ijodi va uning karlar manfaati uchun qilayotganini ishlarini hurmat qiladi.

“Tug’ilganda almashib qolganlar” seriali vaziyat asta-sekin ijobiy tarafga o’zgarayotganidan darak, deydi ular mamnuniyat bilan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG