Texas - o'lim jazosi keng qo'llanadigan shtat

  • Amerika Ovozi

AQShning qator shtatlarida o’lim jazosi bekor qilingan. Ammo Texasda bu amaliyot hamon davom etmoqda. O'tgan 30 yil davomida 500 dan ortiq odam qatl etildi.

Kerrol Pikett 95 odamning qatlini o’z ko’zi bilan ko’rgan.

Pikett bir paytlar Xantsvil shahrida joylashgan Texas shtati qatl xonasi qoshidagi cherkovda ruhoniy bo’lib ishlagan.

“Har bir qatldan keyin taassurotlarimni audiokassetaga tushirardim”.

1974-yilda qamoqxonada mahbuslar isyon ko’targanida ham u shu shaharda yashagan. 1982-yilda Texas shtatida o’lim jazosi qayta tiklanganida pastor chorani qo’llab-quvvatlagan edi. Karlos Deluna ismli mahbusni uchratganidan so’ng fikri tubdan o’zgargan.

“Uning katta-katta qo’ra ko’zlarini eslayman. Yigit begunoh edi. Men buni bilardim. U bilan gaplashib, tushunganman aybi yo’qligini,” - deydi Pikett.

Deluna odam o’ldirganlikda ayblanib, qamalgan edi. Pikett jinoyatni aslida boshqasi sodir etgan, deb hisoblaydi.

Deluna o’lim jazosiga mahkum etilib, ijroni kutayotganida, pastor uni hech qanday og’riq sezmaysan, deb ishontirgan. Aslida bu yolg’on edi, deydi Pikett.

“Dahshat. O’shandan so’ng ancha vaqt uxlolmaganman”.

Pikett 1995-yilda nafaqaga chiqqanidan so’ng oliy jazoga qarshi chiqa boshladi. Hozir sobiq ruhoniy o’lim jazosini bekor qilish harakatining yetakchi faollaridan.

Gloriya Rubak kabi namoyishchilar va o’limga mahkum etilgan mahbusning qarindoshlari Pikett bir vaqtlar ishlagan qatl xonasining tashqarisida turishibdi.

Ichkarida esa hukm ijro etilmoqda.

Adliya vazirligining Texas shtati boshqarmasiga tegishli mana bu videoda o’sha xonani ko’rsa bo’ladi. Mahbusning qo’l va oyoqlari bog’lanadi, so’ngra kech soat oltida inyeksiya yordamida mangu uyquga cho’madi.

Pikett davrida bu yerda ommaviy namoyishlar uyushtirilar edi. Endi esa bir necha faol bor, xolos. Ular orasida – mahalliy katolik cherkovi vakillari.

“Olim jazosi insonni gunohini yuvish imkonidan mahrum etadi,” - deydi u.

Cherkov ruhoniysi Fred Valon odamlarning ongi va masalaga munosabati o’zgarmoqda, deydi.

“Odamlar mamlakat bo’ylab o’lim jazosi bizning ma’naviyatimizga zid ekanini anglab yetyapti,” - deydi u.

Ammo shtat gubernatori Rik Perri o’liy jazoni bekor qilmoqchi emas. Shu paytgacha Texasda aybsiz odam qatl etilmagan, deb ta’kidlaydi u.

Pikett bunga qo’shilmaydi:

“Men aybsiz odamning o’ldirilganiga guvoh bo’lganman”.

Texasliklar masala yuzasidan yakdil emas. Amaliyot esa davom etmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG