Amerikaning 32 shtati o'lim jazosini qo'llashda davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Aksariyat rivojlangan davlatlarda o’lim jazosi bekor qilingan. Biroq AQShda emas. 32 shtatda hamon qo’llaniladi. Amerikaliklarning 60 foizi bunday amaliyotni ma’qullaydi. Biroq qatl etish usullari va adliya tizimi yuzasidan bahslar tinmaydi.

Texas shtatining Xantsvill shahridagi qamoqxonada o’lim jazosi ijro etilsa, odatda, norozilar namoyishga chiqadi.

“O’lim jazosiga yo’q deyish uchun butun shtatdan odamlar yig’ildi”, - deydi namoyish qatnashchilaridan biri.

Texas eng ko’p odam qatl etiladigan shtat – bu yilning o’zida 16 nafar. So’rovlarga ko’ra, aksariyat texasliklar o’lim jazosini ma’qullaydi.

Ulardan biri Dadli Sharpning aytishicha, oliy jazo qotillarning bundan buyon hech kimni o’ldirmasligini kafolatlaydi.

“O’lim jazosi hech kimni jinoyatdan tiymasligiga isbot yo’q. Aksincha, ko’plarning egri ishga qo’l urmasligini isbotlovchi dalillar talay”, - deydi u.

Qurbonlarning yaqinlari adolat talab qiladi, biroq qotilning qatl etilishini ko’rib hech kim quvonmaydi, deydi Sharp.

“Bir tarafda begunoh odamning o’limi, boshqa tarafda boshqa birovni hayotdan judo etish turibdi”, - deydi u.

Xyustonlik advokat Pat Monks oliy jazoga qarshi. Adliya tizimi mukammal emas ekan, xatolarga yo’l qo’yilishi aniq, deydi u.

“O’lim jazosi qaysidir holatda adolatli bo’lishi mumkin, lekin doim ham emas”, - deydi u.

Monks ba’zi hollarda o’limga mahkum etilgan mahbuslar yangi dalillar to’plangandan keyin ozod etilganini misol keltiradi. Bu eskirgan amaliyot, deydi advokat.

“Angliyadan bizga meros qolgan jazo bu. Ammo unda qirol barcha odamlarga egalik qilgan, hatto davlat ham unga qaragan. U tizim biz uchun eskirib bo’lgan”, - deydi Monks.

Dekabr boshida appelyatsiya sudi, shizofreniya tashxisi qo’yilganiga qaramay, mahbus Skot Panettini qatl etish qarorini o’z kuchida qoldirdi.

Panetti advokati Ketrin Keys ishni butun mamlakat muhokama qilayotganini aytadi.

“AQShda masalani yaxshiroq tushunib, jiddiy ruhiy kasallikka chalingan kishi qatl etilishiga qarshi odamlar ko’payayotgani quvonarli hol”, - deydi u.

Biroq sud qaroriga ko’ra, Panetti o’z harakatlari uchun javob bera oladi. Advokat Keys esa bunday aqli zaif odamni qatl etish o’lim jazosi maqsadiga qarshi, deydi.

“O’lim jazosi eng yomonlarning yomoniga nisbatan qo’llanilishi kerak. Muammo shundaki, bu hukm qo’llanayotganda ba’zan ana shu tamoyil buziladi”, - deydi Keys.

So’rovlarga ko’ra, yosh avlod oliy jazoni bir umrlik qamoq muddati bilan almashtirish tarafdori. Aqli zaif jinoyatchilarning o’ldirilishini so’rovda qatnashganlarning aksariyati ma’qullamagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG