Prezident bo'laman degan respublikachilar o'zaro kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

Milliarder Donald Tramp so’nggi haftalarda reytingda birinchi o’rinda qolmoqda.

Milliarder Donald Tramp so’nggi haftalarda reytingda birinchi o’rinda qolmoqda.

6-avgust kuni AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vo qilayotgan arboblarning birinchi bahsi bo’lib o’tadi. 16 da’vogar orasida raqobat avjida. Chunki ayrimlar butun mamlakat kuzatadigan bu bahsda qatnasha olmasligi mumkin.

Qoidalarga ko’ra, 16 respublikachi da’vogardan faqat 10 nafari birinchi bahsda qatnasha oladi. Milliy so’rovlarda kam ovoz olganlar esa chiqarib tashlanadi.

Bu respublikachi da’vogarlar, ayniqsa, reytingning quyi pog’onalarini egallab turgan arboblar orasida jiddiy raqobatga turtki bo’ldi.

Milliarder Donald Tramp so’nggi haftalarda reytingda birinchi o’rinda qolmoqda. Hozirgi ahvoldan norozilar meni deydi, tushuntiradi Trampning o’zi.

“Har ikkala partiya tarafdorlari befarosat siyosatchilardan charchadi. G’alaba qozonish qiyin. Odamlarnig xafsalasi pir bo’lgan. Men esa ularga ma’qul kelyapman”, - deydi u.

Ayrim da’vogarlar Tramp obro’si oshayotganini ko’rib, keskin bayonotlar bera boshladi.

Arkanzas shtatining sobiq gubernatori Mayk Hakabi Prezident Obamani Eron bilan kelishuv uchun tanqid qildi va bu bilan e’tiborni o’ziga tortdi.

“U shu qadar sodda-ki, eronliklarga ishonyapti. Isroilliklarni esa do’zah yoqasiga olib borib qo’yishga tayyor”, - deydi da’vogar.

Hakabi so’zlarini uning partiyadosh raqiblari, xususan, Floridaning sobiq gubernatori Jeb Bush va hatto Efiopiyada tashrifda bo’lgan Prezident Obama qoralab chiqdi.

“To’g’ri siyosat amal qiladigan jamiyat bo’lmay qoldik. Amerika xalqi yaxshiroq hayotga loyiq”, - dedi Obama.

Tramp va uning noqonuniy muhojirlarga qarshi qaratilgan bayonotlari hamda boshqa masalalar keyingi hafta bo’lib o’tadigan bahsda asosiy o’rin egallashi mumkin.

Debatlar respublikachi da’vogarlar uchun sinov bo’ladi, deydi tahlilchi Jon Fortyer.

“Bahs katta ahamiyatga ega. Buning ustiga poyganing birinchi yilida eng muhimi - pul to’plash, siyosat cho’qqisiga chiqa olish va tanlovning ilk bosqichidayoq g’alaba qozonish”, - deydi Fortyer.

Demokratlarga kelsak, sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton poygada birinchi bo’lsa-da, uning partiyadosh raqibi Berni Sandersning obro’si oshib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG