Amerika “defolt” yoqasida, qarz olish uchun so’nggi muhlat 2-avgust


Amerika “defolt” yoqasida, qarz olish uchun so’nggi muhlat 2-avgust

Amerika “defolt” yoqasida, qarz olish uchun so’nggi muhlat 2-avgust

Amerikada qarz va byudjet mashmashasi davom etayapti. Prezident va Kongress kelishishi uchun so’nggi muhlat – 2 avgust.

AQSh xorijdan qarz olishi uchun Kongress ruxsati kerak, lekin respublikachilar, ayniqsa, bu partiyaning o’ta konservativ a’zolari ko’nmayapti.

Xorijiy kreditorlar va o’z fuqarolari oldidagi moliyaviy majburiyatlarini doimo vaqtida, a’lo darajada bajarib kelgan Amerika hukumati “defolt” holatiga tushishini, ya’ni majburiyatni bajarishdan bosh tortishini tasavvur qilish qiyin.

Osiyodagi sarmoyachilar orasida, xususan, Vashingtonning yirik kreditori hisoblanmish Xitoyda hozircha sarosima sezilmaydi. Bu davlat Amerikaga bir trillion dollardan oshiq qarz bergan, ikkinchi o’rinda esa Yaponiya – 900 milliard dollar.

Prezident Obama respublikachilar davrasida... Murosa qilinarmikan?

Prezident Obama respublikachilar davrasida... Murosa qilinarmikan?

Vashingtonda hozir hammaning asabi tarang. Prezident Obama va muxolifat o’rtasidagi muzokaralar nihoyatda keskinlashgan, chunki 2 avgustga oz qoldi.

“Kongressdagi siyosiy tomoshani butun dunyo kuzatib turibdi, defolt global iqtisodiyotni qayta krizisga yetaklashi mumkinligi tan olinadi”, - deydi iqtisodchi Deyvid Kohen. “Ammo ko’pchilikning ishonchi komil, murosaga erishiladi”.

“Jahon moliya bozorlarida qarash shuki, Amerikadagi ikki raqib partiya ko’p talash-tortishuvdan so’ng, oxir-oqibat baribir murosa qiladi, defolt yuzaga kelishini hech kim istamaydi”, - deydi bankir Tom Kondon.

“AQShni bankrotlik yoqasida turgan Gretsiya bilan qiyoslamang. Krizisda bo’lsa-da, iqtisodiy qudratiga ishonch baland”, - deya qo’shadi u.

Mutaxassislar nazarida defolt ro’y bergan taqdirda ham, bu texnik xarakterdagi vaqtinchlik holat, deb qabul qilinadi.

Xavotirli tarafi shundaki, AQShning kredit reytingi pasayishi, foiz stavkalari yuqorilashi va muhimi - bu davlatga nisbatan ishonch ketishi mumkin.

Katta miqdorda dollar zaxirasiga ega Xitoy Vashingtonni mas’uliyatli bo’lishga, sarmoyachilarni himoya qilishga chaqirgan. Yaponiya esa AQSh davlat obligatsiyalarini xarid qilishda davom etayapti.

Boshqa mamlakatlarga kelsak, deylik Hindiston xorijiy valyuta zaxirasining yarmini dollarda saqlaydi. Janubiy Koreya esa undanda ko’p - 70 foizini.

XS
SM
MD
LG