Eshton Karter: AQSh Rossiya bilan ixtilofga borishni xohlamaydi

  • Amerika Ovozi

Mudofaa vaziri Tallinda, matbuot anjumanida. 23-iyun, 2015-yil.

Mudofaa vaziri Tallinda, matbuot anjumanida. 23-iyun, 2015-yil.

Pentagon rahbari Eshton Karterning aytishicha, Amerika Rossiya bilan munosabatlarni "Sovuq urush" davriga asoslab qurmaydi. O'rniga ham harbiy, ham noharbiy vositalarni ishga solib Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga javob beramiz, deydi Karter.

Mudofaa vaziri dushanba kuni Berlinda so'zlab, so'ng Estoniya, Latviya va Litva mudofaa vazirlari bilan uchrashish uchun Estoniyaga jo'nab ketdi. Bu uch mamlakat o'tmishda Sovet ittifoqiga majburan qo'shib olingan.

Karterning aytishicha, Qo'shma Shtatlar NATOning yangi tezkor qurolli kuchlariga qo'shin, razvedka va boshqa harbiy yordam bilan hissa qo'shadi. Maqsad, deydi u, Yevropada Rossiyaning agressiv harakatlariga qarshi chora ko'rish. NATOning tezkor qo'shinlari hozir 13 ming atrofida va bu raqamni 30-40 ming kishiga yetkazish mo'ljallangan.

Uning aytishicha, Rossiya bilan nizodan hech kim manfaatdor emas. Biroq G'arb zarurat tug'ilsa o'zini mudofaa qilishga tayyor, deydi u. Moskvaga qo'yilgan iqtisodiy sanksiyalar esa ish berayapti, deya eslatadi Karter.

Karter ertaga va indinga, chorshanba va payshanba kunlari Bryusselda NATO mudofaa mulozimlari bilan uchrashadi. Taraflar Qrimning Rossiyaga qo'shib olinishi va Ukraina sharqida isyonchilar faollashgani yuzasidan biror reja bilan chiqadi.

Qo'shma Shtatlar, xususan, Yeropa sharqiga harbiy aslaha jo'natish ustida o'ylanmoqda. Mudofaa vazirligi hali bir qarorga kelmagan, biroq vositalar Polshaga yuboriladi, degan ehtimol bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG