Breaking News

Pentagon rahbari Iroq va Turkiyani til topishishga undadi


AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Kurdiston rahbari Ma'sud Barzaniy bilan muzokarada, Irbil, 23-oktabrm 2016
AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Kurdiston rahbari Ma'sud Barzaniy bilan muzokarada, Irbil, 23-oktabrm 2016

Iroq armiyasi va kurd jangchilari Musul shahrini "Islomiy davlat" dan tortib olish uchun kurashar ekan, AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter mamlakatga safar qilib, vaziyat bilan tanishdi.

Karter 23-oktabr kuni Irbilda to'xtab, Kurdiston rahbari Ma'sud Barzaniy bilan muzokara olib bordi. Kurdiston "Islomiy davlat" ga qarshi urushda yetakchilik qilmoqda.

Kurd jangchilari Musul uchun yo'llarni ochib berib, nafaqat armiya balki aholiga ham noyob imkoniyat yaratib bermoqda. Ular o'tgan ikki kun ichida Bashiqa shahrini ham terroristlardan tozalagan, deydi rasmiylar.

Karter 22-oktabr kuni Bag'dodda Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy, juma kuni esa Anqarada Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bilan uchrashgan. Anqara Musul uchun jangda qatnashishni xohlaydi, Bag'dod esa bunga qarshi.

Bag'dod, 22-oktabr, 2016
Bag'dod, 22-oktabr, 2016

Abadiy deydiki, Turkiyaning urushga bosh suqishiga hojat yo'q. AQSh esa ikki davlat orasidagi rishtalarning sovib borayotganidan xavotirda. Erdog'an bu kelishmovchilikni mazhablararo nizo deb ataydi. Turkiya sunniy, Iroq esa shia rahbariyati ostida.

Erdog'an esa Musul kelajagi uning mamlakati uchun muhimligini aytib, maxsus kuchlar chegarada jangga shay ekanini aytmoqda. Ularni Bag'dod emas, Anqara boshqaradi, deya ta'kidladi u.

Abadiy esa uning mamlakatida ajnabiy zobitlarga joy yo'q ekanini qayd etmoqda. Turkiya bunga javoban Amerika maxsus kuchlari borligini eslatadi. Iroq rahbariyati Anqarani o'zini AQShga tenglashtirmaslikka chaqirmoqda.

"Bilaman, Turkiya jangda qatnashishni istaydi. Rahmat. Iroq armiyasi o'zi eplaydi. Musulni ham, boshqa hududlarni ham terroristlardan ozod etamiz", - deydi Abadiy.

Musul yaqinida, 20-oktabr, 2016
Musul yaqinida, 20-oktabr, 2016


Karter ham Iroq suveren davlat ekaniga urg'u berib, mamlakat xavfsizligini ta'minlash avvalo Bag'dodning vazifasi va uning iznida, deydi. Biroq Iroq qo'shni Turkiya bilan aloqalarni ham yaxshilashi zarur.

"Har bir davlat suveren tarzda harakat qiladi va biz buni 100 foiz quvvatlaymiz",- dedi Karter Bag'doddagi uchrashuvda.

Musul Iroqning ikkinchi eng yirik shahri. Ikki milliondan oshiq aholiga ega. Lekin uning katta qismi hozir shahardan bosh olib ketgan. 60 mamlakat ishtirokidagi koalitsiya mahalliy armiyaga yordam ko'rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG