AQSh Markaziy Osiyoda demokratiya targ'ibotini kuchaytirsin degan chaqiriqlar


Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2014-yilda Dushanbeda o'tgan sammitida

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2014-yilda Dushanbeda o'tgan sammitida

Chorak asr oldin Markaziy Osiyo va Kavkazdagi yangi mustaqil davlatlarni birinchilardan bo’lib tan olgan Qo’shma Shtatlar bu jamiyatlarda demokratiyani targ’ib qilishni asosiy vazifa deb belgilagan edi. 1992-yilda Kongressda Erkinlikni quvvatlash akti degan qonun qabul qilingan. Bu hujjatga asosan yuzlab million dollar ajratilib, fuqaro jamiyati rivoji va umum taraqqiyot yo’lida sarflandi. Bu mablag’ evaziga, masalan, sobiq sovet davlatlaridan minglab yoshlar Amerikada bilim oldi. So’z va matbuot erkinligi, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va siyosiy-ijtimoiy islohotlar yo’lida har yili o’nlab million dollar ajratildi va bu siyosat hamon amalda. Lekin Amerika yordami va targ’iboti nimani qanchalik o’zgartira oldi? Ham Markaziy Osiyo, ham Kavkazda avtoritar rahbarlar hukmron. Gruziya va Qirg’izistonda demokratiya nisbatan ildiz otdi, deydi tahlilchilar, lekin muammolar talay. Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida davra suhbatidamiz.

Uzoq yillar hukumatda ishlab, keyinchalik “Freedom House” - “Ozodlik uyi” tashkilotini boshqargan, hozirda ham demokratiya targ’iboti bilan mashg’ul institutda faoliyat yuritayotgan Deyvid Kreymer (David Kramer) deydiki, qonun ustuvorligi uchun kurash tinimsiz va mashaqqatli jarayon. Markaziy Osiyo va Kavkazdagi yosh davlatlarga madadni davom ettirish kerak, Vashington sidqidildan, yuqori darajada jonbozlik ko’rsatishi lozim, deya undaydi u.

O’zbekiston, Tojikiston, Qozog’iston, Turkmaniston va Ozarbayjonda yakkahokimlar baribir umriniing oxirigacha o’tiradi, deb targ’ibotni pasaytirish xato siyosat, deydi u. AQSh har bir mamlakatdagi vaziyatni yaqindan kuzatib, adolatsizliklarni ochiq qoralashi, qonunbuzarlik-huquqbuzarlik hollari haqida rahbarlarga murojaat qilishi, fuqarolar tazyiq va bosimga olinganida ularni himoya qilishi kerak. Amerika prezidenti bu borada gapirishi kerak, deydi Kreymer.

Har qanday sohadagi hamkorlik qonun ustuvorligi bilan bog’liq ekan, aniq shartlar qo’yish kerak, deydi u.

Inson huquqlarini qo’pol ravishda va sistematik tarzda buzib kelayotgan hukumatlar AQSh tomonidan sanksiya bilan jazolanishini ko’zlovchi Global Magnitskiy Akti hozircha faqat Vakillar Palatasida ovozdan o’tgan. Senatda muhokamada. Bu qonun qabul qilinsa, deydi uni quvvatlab kelayotgan Kreymer, Markaziy Osiyo va Kavkazdagi rahbarlar ancha sergak tortadi, chunki u muayyan cheklovlar va jazo choralarini tatbiq etadi.

O’zbekistondagi vakolatxonasini yopish arafasida turgan AQSh Demokratik Institutidan Lora Juvit (Laura Jewett) fikricha, har bir davlatdagi vaziyat o’ziga xos e’tibor va tahlil talab qiladi. Jamiyatlardagi o’zgarishlarni o’lchash uchun ularga ichkaridan turib qarash kerak, omma fikrini va sharoitni o’rganish kerak, deydi ekspert. Umidsizlanmasdan, AQSh o’z qurbiga qarab, kimga qancha yordam bera olishi ustida izchil o’ylanib, demokratiya targ’ibotini davom ettirishi kerak.

Juvitt nazarida O’zbekiston va Turkmaniston mintaqadagi eng yopiq tuzumlar. Tojikiston ham hozir shu yo’ldan ketmoqda, deydi u. O’zbekistondagi bugungi sharoitda AQSh Demokratiya Instituti biror ish qila olmaydi; tinimsiz cheklovlar, bevosita va bilvosita bosim ostida xodimlar faoliyat yurita olmayapti, deydi Juvitt. Institut asosan parlament taraqqiyoti, qonunchilik va siyosiy islohotlar yo’nalishida ishlaydi.

Qiyinchiliklarga qaramasdan, Amerika mintaqada fuqaro jamiyati, faollar va jurnalistlarni quvvatlashdan to’xtamasligi lozim, deya tavsiya qiladi Juvitt xonim.

Xalqaro Respublikachilar Institutidan Stiven Niks (Stephen Nix) ham shunday fikrda va Vashingtonni mintaqadagi jarayonlardan ogoh turishga, faqat hukumatlar emas, jamoatchilik bilan ham hamkorlik qilishga undaydi. Nohukumat tashkilotlarga yordam bering, muammolarga yechim izlab, aholi hayotini yaxshilashga urinayotgan tomonlar bilan muloqot qiling, deydi Niks.

Amerika o’z nufuzini ham o’ylashi kerak. Qirg’iziston singari davlatlarda odamlar fikrini so’rasangiz, AQSh bilan hamkorlik juda sust, deyishadi. Rossiya ular nazarida eng yaqin hamkor va ishonchli sherik. Informatsiya maydonida rus tili va Rossiya hukmron. Amerika va u targ’ib qiladigan erkinlik kerak emas, degan qarash keng. Vashington bu masala bilan jiddiy shug’ullanishi lozim, deydi mutaxassis.

Jons Xopkins Universiteti professori, mintaqashunos olim Fred Starr esa fuqaro jamiyati va inson huquqlari himoyachilarini ishonchsiz, yulg'ich tomonlar deb hisoblaydi. Amerika beradigan grant bilan ular xalq manfaati uchun xizmat qilayotgani yo’q, grantlar qayoqqa ketayotgani va umuman bu guruhlarning obdon tekshirish kerak, deydi Starr. Professor nazarida 23 yil oldin qabul qilingan Erkinlikni quvvatlash aktini ham qayta ko'rib chiqish vaqti yetgan, balki bekor qilish kerak.

Biroq uning yonida o’tirib so’zlagan uch mutaxassis bunday yondashuvdan yiroq. Jamiyatni jafokash insonlar oldinga yetaklaydi. Amerika Markaziy Osiyo va Kavkazda shunday odamlarni tanishi va ularni har tomonlama quvvatlashi zarur, AQSh bundan faqat manfaat ko’radi, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG