Mishel Obama demokratlar syezdida nutq so’zladi

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti rafiqasi Mishel Obama demokratlar syezdi ishtirokchilari hamda tadbirni tomosha qilayotgan millionlab amerikaliklarga murojaat qilar ekan, Qo’shma Shtatlarni boshqarishga faqat Barak Obama loyiq ekanini ta’kidladi, lavozim turmush o’rtog'ini o’zgartirmaganini aytdi.

“Chin dildan shuni aytishim mumkinki, fe'li, qalbi va qadriyatlarini oladigan bo'lsak, Barak Obama zarracha o’zgarmagan. U hali ham o’sha, men birinchi ko'ngil qo'ygan inson”, - dedi u.

Mishel Obama Shimoliy Karolinaning Sharlott shahrida seshanba kuni boshlangan syezdning ochilish marosimida nutq so’zladi. Bu bilan u barcha amerikaliklar, xususan, xotin-qizlarni amaldagi prezident tarafiga og'dirishga urindi.

“Barak tibbiyot sohasidagi islohotlardan voz kechish, bu masalani boshqa payt, boshqa prezidentga qoldirishga da’vat etganlarga quloq solmadi. U siyosiy jihatdan oson bo’lgan qarorlar qabul qilishga emas, to’g’ri qarorlar qabul qilishga odatlangan. Yoshligidan shunaqa”, - dedi Mishel Obama.

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romni prezident etib saylansa, tibbiy sug’urtalar haqidagi Obama joriy etgan qonunni bekor qilishni rejalamoqda.

So’nggi so’rovlar ikki nomzod reytingi deyarli bir xil ekanini ko’rsatgan. Hozirda har ikkovi ham latinolar, xotin-qizlar, qolaversa, boshqa saylovchilar ko’nglini ovlash bilan band.

Bu maqsadda Sharlottdagi syezdda latinolardan muvaffaqiyatli siyosatchi, AQShning eng yosh meri Julian Kastro so’zladi. Mitt Romnini nishonga olar ekan, u saylovchilarni Romniga qat’iyat bilan yo’q deyishga chaqirdi.

Chorshaba kechqurun sobiq prezident Bill Klinton Obamani rasman nomzod etib e’lon qiladi. Obama prezident, Jo Bayden vitse-prezidentlikka nomzodlikni qabul qiladilar.

Respublikachilar syezdi o’tgan hafta Floridaning Tampa shahrida bo’lib o’tdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG