O'tgan besh yilda AQShdan ikki million muhojir deportatsiya qilindi

  • Amerika Ovozi

Deportatsiyalarga qarshi namoyish. Arizona shtati, Fenix shahri. Oktabr 2013.

Deportatsiyalarga qarshi namoyish. Arizona shtati, Fenix shahri. Oktabr 2013.

AQShda Barak Obama prezident etib saylanganidan buyon ikki million noqonuniy muhojir deportatsiya qilingan. Besh yillik davr uchun bu juda ko’p, deydi ayrimlar. Boshqalar esa immigrantlarga nisbatan yanada keskinroq siyosat olib borishni taklif etmoqda.

Obama ma’muriyati noqonuniy immigrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish siyosatida misli ko’rilmagan darajaga yetdi, deydi Amerika immigratsiya advokatlari uyushmasi a’zosi Greg Chen.

“So’nggi 10 yilda prezidentlar Bush va Obama davrida deportatsiya qilinganlar soni muntazam ravishda oshib, bugun rekord darajaga yetdi. Umuman olganda, bu ma’muriyat immigratsiya haqidagi qonunlarning amal qilinishini qattiq nazorat ostiga olgani aniq”.

Immigratsiyani tadqiq etish markazidan Jon Firga ko’ra esa, deportatsiyalar soni yuqori emas.

“Immigratsiya qonunlarining jiddiy ravishda amal qilinishi tarafdorimiz. Deportatsiyalar sonini hozirgiday kamaytirmasdan oshirish kerak. Ammo Oq uy immigratsiya masalasida jiddiy siyosat olib bormayotgan ko’rinadi”.

Nega ayni masala yuzasidan fikrlar shu qadar farqli? Chunki hukumatning “ortga qaytarish” hamda “chiqarib yuborish” siyosatida farq bor. Chegarada tutilib ortga qaytarilganlar soni so’nggi 10 yilda keskin kamaydi. Ammo AQShda qonunga zid ravishda yashayotganlarni qo’lga olib, mamlakatdan chiqarib yuborish hollari esa ko’paygan.

Jon Fir ortga qaytarilgan va chiqarib yuborilayotganlarning umumiy soni kam deya xavotir bildiradi.

“Chiqarib yuborish deportatsiyaning bir turi. Bunday hollar bir oz ko’paygan. Ammo umumiy deportatsiyalarni oladigan bo’lsak – ularga ham chegaradan qaytarilganlar, ham mamlakatdan chiqarib yuborilganlar kiradi – bunday holatlar kamaygan”.

Ammo Greg Chen fikricha, hukumatning noqununiy muhojirlarga nisbatan siyosati nihoyatda qattiq.

“Prezident Obama chegara nazoratini ancha kuchaytirganini e’tirof etishimiz kerak. Mamlakatda noqonuniy yurganlarning qo’lga olinib, vataniga qaytarilishi ancha kuchaygan”.

Immigratsiya masalalari bo’yicha tajribali advokat Jim Ton Xeynsning aytishicha, immigratsiya sudlariga deportatsiya haqidagi ishlar kamroq tushmoqda. Hozir sudda ko’rilmagan ancha ishlar to’planib qolgan, deydi u.

“Bu ishlarning sud tomonidan ko’rilishi bir necha yil talab qiladi. Deportatsiyalar sonining kamaygani mahkama ishining sekinlashgani bilan bog’liq”.

AQShda muhojirlik masalasida yagona fikr yo’q. Immigratsiya tizimiga doir islohotlar qonunlarni kuchaytirish yoki yumshatish borasidagi bahs-munozaralar asosida shakllanadigan ko’rinadi. Noyabr oyida bo’ladigan Kongressga saylovlarda ham bu eng asosiy masalalardan biri bo’lishi shubhasiz.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG