Kasodga uchragan shahar durdonasini qutqarish mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Detroyt san’at muzeyi institutida dunyodagi eng katta san’at asarlari kolleksiyasi saqlanadi. Bu shahar kasodga uchraganida, to’plam tadqiri atrofida bahslar qizigan edi. Muzeyni saqlab qolish yo’llari hali ham muhokama qilinmoqda.
Detroyt san’at muzeyi institutidagi kolleksiyani ko’rish uchun har yili turli mamlakatlardan minglab odamlar keladi.

“Mazkur kolleksiya G’arb san’ati tarixinini eng to’la namoyondasi. Shu sababdan uning narxini belgilash oson emas, - deydi “Detroyt Free Press” gazetasi muxbiri Mark Strayker, - Bebaho kolleksiya, boshqa bunaqasi yo’q”.

Ammo Detroytning favqulodda vaziyatlar bo’yicha rahbari Kevin Orr shaharni bankrotlik jaridan olib chiqmoqchi ekan, to’plam narxini aniqlashga urinmoqda, deydi Ueyn davlat universitetidan huquqshunos-professor Lora Bartell.

“Tanazzul boshidanoq Kevin Orr muzey asarlari shaharga tegishli ekanini aytgan,” - deydi u.

“Bu shaharning mulki bo’lib, Amerikaning barcha myzeylaridan farqi shunda - boshqa muzeylar mustaqil, xususiy nodavlat tashkilotlar sanaladi,” - tushuntiradi Strayker.

Bankrotlik haqidagi murakkab va chigal masala federal sudda ko’rilmoqda. Ayni vaqtda Orr nufuzli Kristi auksionlar uyiga murojaat qilib, kolleksiyani baholab berishni so’radi.

“U Kristi mutaxassislaridan faqat shahar ma’muriyati bevosita sotib olgan asarlarni baholashni so’ragan,” - deydi Strayker.

2000 dona asar! Butun kolleksiyaning qariyb besh foizi, xolos. Ammo orasida Vinsent Van Gogning “Shlyapadagi avtoportret” kabi durdonalar bor.

Strayker: “Kristi mutaxassislarining baholariga ko’ra, bu asarlar narxi 450-870 million dollar atrofida”.

Lekin kolleksiyani sotish oson bo’lmaydi. Birinchidan, detroytliklar hamda shahar tevaragida yashaydigan odamlar bunga qarshi chiqishi mumkin. Ular asosiy soliq to’lovchilar ekanmi, fikri hisobga olinadi.

Ikkinchidan, shaharni hozirda boshqarayotgan Kevin Orr ham aslida bunga e’tiroz bildirishi mumkin.

“Tarixda Detroyt san’at muzeyini sotib yuborgan odam sifatida nom qoldirishni kim istaydi? Menimcha, hech kim. Agar Kevin Orr mashhur kolleksiyani sotmasdan, muzeyni qutqarish yo’lini topsa, aynan shu muqobil yo’lni tanlaydi. Bunga shubha yo’q,” - deydi professor Bartell.

Darhaqiqat, shunday imkoniyat paydo bo’lgan ko’rinadi. Yanvar oyida Ford jamg’armasi qatorida yana bir necha milliy jamg’arma Detroyt san’at asarlarini auksionga qo’ymaslik kerak, deb buning uchun 330 million dollar yordam puli ajratishga qaror qildi.

“Muzey shahardan ajralib, alohida nodavlat tashkilotiga aylanadi, shahar qaramog’idan chiqadi. Oqibatda Detroyt ham, muzey ham boshqa bunday qiyin ahvolga tushmaydi,” - tushuntiradi Strayker.

Va’da qilingan mablag’ Kristi auksionlar uyi bergan bahodan kamroq, albatta. Kreditorlar esa pul talab qilishdan to’xtamaydi. Ammo taklif etilgan reja Orr uchun hozir ayni muddao. Chunki Detroytning mashhur durdonasini shaharda saqlab qolish imkonini beradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG