Din

Diniy faollar: AQSh dron hujumlarini to'xtatishi kerak

  • Amerika Ovozi

AQSh terrorizmga qarshi kurashda dronlar deya ataluvchi uchuvchisiz samolyotlardan keng foydalanadi. Chora tarafdorlariga ko'ra, bu AQSh askarlarini hayot uchun xavfli amaliyotlardan saqlash bilan birga, tinch fuqarolar orasida o'lim hollarining kamayishiga ham hissa qo'shadi.

Ammo ayrim taqvodorlar nazarida bunday amaliyotlarni zudlik bilan to'xtatish kerak.

Prinston dinshunoslik seminariyasida jamiyatdagi dolzarb mavzularga bag'ishlangan yig'inlar tez-tez o'tkazib turiladi.

To'qqiz yil oldin iroqlik mahbuslar Abu G'arib qamoqxonasida tahqirlangach, mamlakatning bir guruh diniy yetakchilari shu yerda uchrashib, qiynoqqa qarshi kampaniya boshlagan edi. Bugun ular dronlar urushining axloqiy jihatlarini taftish qilmoqda.

Prinston ruhoniysi Jorj Hansinger masofadan o'ldirish amaliyotiga keskin qarshi.

"Xuddi video o'yinga o'xshaydi. Askarlar, pilotlar xonada hazillashib o'tiribdi. Ekranda esa ko'chani kesib o'tayotgan odamlarni portlatib yo'q qilishyapti. Bunga qanday haqlari bor?" - deydi u.

Amaliyot tarafdorlariga ko'ra, Afg'oniston, Pokiston va Yamanda terrorchilarni yo'q qilishda dronlar qo'l kelgan. Ammo inson huquqlari faollari dastur razvedka tomonidan maxfiy boshqarilgani bois oddiy fuqarolar orasida qurbonlar qancha bo'lganini aniqlashning imkoni yo'qligini aytadi.
Hindistonga tashrifi davomida Prezident Obama, hukumat o'zgarsa ham, Yamanda hujumlar davom etishini bildirdi.

"Chunki buning boshqa muqobil yo'li ko'psonli AQSh askarlarini jo'natishdan iborat bo'lib, u muammoni yechishdan ko'ra ko'proq muammo tug'dirishi ehtimoli yuqori", - deydi AQSh rahbari.

"Ma'muriyat yoki Davlat departamentining tashqi siyosati bor. Bu yoqda esa Markaziy Razvedka idorasi ham ko'p hollarda bunga zid keluvchi o'z tashqi siyosatiga ega", - deydi faollardan biri.

Syuzen Sistlsveyt Chikago diniy seminariyasining sobiq prezidenti.

"Dronlar siz hech qachon askar jo'natmaydigan joylarda zo'ravon usullardan foydalanish imkonini beradi. Maqsad urush doirasini kengaytirish. Shunday ekan, dronlar orqali butun dunyoni jang maydoniga aylantirish mumkin", - deydi u.

"Boshqalar ham biz qo'llayotgan texnologiyani ishlatishni boshlasa, dunyo qanday ko'rinishga keladi?" - deydi yig'in qatnashchilaridan yana biri.

Yaqinda Oq uy hovlisidan o'yinchoq dron topilgach, ana shunday xavotirlar yuzaga chiqdi.

Imom Muhammad Majidning aytishicha, dronlar ekstremistlarning ko'payishiga hissa qo'shmoqda.

"Har doim bitta begunoh odamni o'ldirsak, terrorchilar sonini yanada oshirgan bo'lamiz", - deydi u.

"Agar qo'lingizda faqat bolg'a bo'lsa, har bir muammo sizga mix bo'lib ko'rinadi", - deydi yana bir diniy rahnamo.

Dronlarga qarshi tashkil etilgan bu guruh turli dinlarga mansub tinchlikparvar taqvodorlarni o'z ichiga oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG