Eron AQSh "josus samolyotini" nima qiladi?

  • Amerika Ovozi

AQShning RQ-170 rusumidagi uchuvchisiz harakatlanadigan razvedkachi samolyoti, deydi Eron harbiylari

AQShning RQ-170 rusumidagi uchuvchisiz harakatlanadigan razvedkachi samolyoti, deydi Eron harbiylari

Eron hukumati Birlashgan Millatlar Tashkilotiga AQSh "josus samolyoti" yuzasidan shikoyat qilmoqda.

Islomiy respublika rasmiylarining aytishicha, bu hafta Amerikaga tegishli vosita qo'lga olingan. Eron havo chegaralari buzilgan, deydi ular, buni tasdiqlovchi videolar bor.

Davlat telakanali ko'rsatgan tasvirlarga ko'ra, uchuvchisiz harakat qiladigan samolyot Eron sharqiga tushgan. Ilg'or texnologiya namunasi deya ta'riflangan RQ-170 Sentinel uncha shikastlanmagan, deydi uni ko'zdan kechirgan mutaxassislar.

Amerika bu uning samolyoti ekanini tasdiqlamayapti, lekin Mudofaa vazirligi noyob texnologiya boy berilishi mumkinligidan xavotirda.

"Texnologiya nomaqbul qo'llarga tushishi bizni tashvishga soladi albatta", - deydi Jorj Littl, Pentagon rasmiysi.

Shu yilning may oyida Pokistonda al-Qoida yetakchisi Osama bin Laden o'ldirilganida AQSh maxsus kuchlari buzuq vertolyotni ortda qoldirib, uni portlatib yuborishgan edi. Bunday strategik vositalarning texnologiyasi sir tutiladi.

Lekin, deydi Vashingtonda tanilgan tahlilchi Kris Prebl, uchuvchisiz samolyotning Eron qo'liga tushgani fojia emas.

Uningcha, texnologiya hamisha yangilanib, takomillashib boradi. Islomiy respublika samolyotdan nusxa olishi mumkin, lekin Amerika oldida boshqa dolzarb muammolar turibdi.

"Qo'shma Shtatlar va G'arbdagi boshqa davlatlar Eronni kuzatish uchun boshqa vositalarni ishga soladimi? Mana shu muhimroq masala", - deydi u.

O'tgan oy BMT qoshidagi xalqaro atom agentligi Eron atom qurollari yaratishga urinmoqda deya hisobot berganidan beri bu davlatning G'arb bilan aloqalari yanada taranglashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG