Pokistonda dron hujumlari to'xtatilganiga qaramay norozilik hamon kuchli

  • Amerika Ovozi

Terrorchilarga qarshi kurashda AQSh dronlar - uchuvchisiz boshqariladigan qiruvchi samolyotlarni qo’llab kelgan. Vashington rasmiylari ushbu dastur natijasida jiddiy yutuqlarga erishilgan desa, boshqa mamlakatlar, xususan, Pokistonda hujumlar oqibatida begunoh odamlar nobud bo’layotgani aytiladi.
AQSh Pokistonning Al-Qoida a’zolari va tarafdorlari panoh topgan shimoli-g’arbida dronlarni qo’llashni 2004-yilda boshlagan. Garchi rasmiy Vashington hujumlar natijasida ko’pgina terrorchilar o’ldirilganini ta’kidlasa-da, mahalliy aholi bunday siyosatga qarshi.

“Dronlar hujumi kam hollarda kerakli nishonga borib tegadi,” – deydi qabilalar mintaqasidan Habib Nur O’rakoziy.

Pokiston shaharlarida Amerikaga qarshi namoyishlar bo’lib o’tdi. Siyosiy partiyalar va hatto hukumat rasmiylari AQSh siyosatini qoralab chiqdi.

Oktabr oyida Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif prezident Barak Obama bilan uchrashib, hujumlarga chek qo’yish kerak, deb aytdi.

“Uchrashuv davomida men dronlar masalasini ham ko’tardim. Bunday hujumlarni tugatish kerakligiga urg’u berdim”.

Pilotsiz samolyotlar salbiy oqibatlarga olib keldi, deydi Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Tasnim Aslam.

“Hujumlarning foydasiga qaraganda zarari kattaroqligi, masalan, oqibatda tinch aholi nobud bo’lishi, inson huquqlari toptalishi, gumanitar inqiroz yuzaga kelishi haqida ko’p gapirilgan. Shuningdek, ular davlatlararo munosabatlarni taranglashtiradi. Hukumatning Pokiston hamda butun mintaqada tinchlik va barqarorlik o’rnatishga qaratilgan urinishlarini puchga chiqarmoqda”.

Bundan tashqari “eng jiddiy xavotir shundan iboratki, bu dastur mamlakat suvereniteti va suveren qadriyatlariga raxna solmoqda. Boshqa tarafdan, bu inson huquqlarining, hudud yaxlitligi tamoyilining buzilishi. Shu bois uni to’xtatish kerak,” – deydi pokistonlik siyosatshunos Muhammad Atiq.

2014-yilda Pokistonda dronlar dasturi to’xtatilgan ko’rinadi. BMT ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yilda ilgariga qaraganda ancha kam hujum uyushtirilgan edi.

“2010-yilda 128 hujum amalga oshirilgan bo’lsa, 2013-yilda ular soni 27 ga tushdi. O’tgan yilda, ya’ni to’qqiz yilda birinchi marta hujumlar natjasida tinch aholi orasida talafotlar haqida ma’lumot yo’q”, - deydi BMTning maxsus hisobotchisi Ben Emmerson.

Ayrim norasmiy manbalarga ko’ra, 2000-yildan buyon dron hujumlari natijasida Pokistonda 2000-3400 odam halok bo’lgan. Ulardan qariyb 300 nafari – fuqarolar, qolganlari esa jangarilar.

Pentagon va Oq uy rasmiylari esa pokistonliklar noroziligiga sabab bo’layotgan dasturning to’xtatilishi yoki davom etishi yuzasidan aniq ma’lumot berganicha yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG