AQSh uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarni o'zga davlatda qo'llayotgani qonuniymi?

  • Amerika Ovozi

AQSh uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarni o'zga davlatda qo'llayotgani qonuniymi?

AQSh uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarni o'zga davlatda qo'llayotgani qonuniymi?

AQSh razvedka xizmati bergan ma’lumotga ko’ra, al-Qoida terror guruhi bugun ancha zaiflashgan. Uning yetakchilari yo o’ldirilgan, yo yashirib yurishga majbur.

Al-Qoida o’choqlarini nishonga olishda AQSh qo’lidagi eng kuchli qurollardan biri – o’zini boshqaradigan, pilotsiz samolyotlardir.

Ularni o’zga bir davlatga yuborish qanchalik qonuniy? Xalqaro normalar buzilmayaptimi?

Al-Qoida avvalgi kuch-nufuziga ega bo’lmasa-da, hamon qo’rquv uyg’otadi. Dunyoning turli nuqtalarida tarafdorlari bor.

Ammo terror istehkomi deb ko’rilgan ikki mamlakat - Pokiston va Afg’onistonda bugun al-Qoida erkin harakatlana olmaydi. Osama bin Ladenni ham topib, yo’q qildik, deya eslatadi AQSh razvedkachilari.

AQSh uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarni o'zga davlatda qo'llayotgani qonuniymi?

AQSh uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarni o'zga davlatda qo'llayotgani qonuniymi?

“Bosimni ushlab tursak bo’lgani. Global jihod harakatida al-Qoida borgan sari ramziy ahamiyat kasb etadi”, - deydi AQSh razvedka rahbari Jeyms Klepper.

Jangarilarni yo’q qilishda pilotsiz vositalarning xizmati katta. Prezident Barak Obama buni tan oladi.

“Pokistonning qabilaviy hududlari hamda Afg’oniston bilan chegaradosh olis, to’g’li hududlar haqida gap ketayapti. Harbiy operatsiyalarning asosiy qismi o’sha yerda o’tkazilyapti. Al-Qoida a’zolarini qo’lga olishning boshqa bir usuli – piyoda qo’shin yuborish. Lekin bunga ruxsat yo’q”, - deydi u.

Internetda o’tkazilgan savol-javobda Obama begunoh insonlar halok bo’layotganini inkor etdi.

“Xatolar bo’lib turadi, albatta. Ammo aksar hollarda mo’ljal aniq olinadi. AQSh armiyasi bu borada o’ta ehtiyotkor”, - deydi prezident.

Mudofaa masalalari bo’yicha ekspert Tomas Linch deydiki, razvedka va havodan hujumlar Afg’oniston-Pokiston chegarasida qo’nim topgan terrorchilarni zir titratgani rost. Ammo ular ham anoyi emas. Moslashib, xavfdan saqlanish yo’llarini topgan.

AQSh uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarni o'zga davlatda qo'llayotgani qonuniymi?

AQSh uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarni o'zga davlatda qo'llayotgani qonuniymi?

“Terror bazalarini topib yo’q qilish avvalgidek oson emas. Ular xavf qayerdan kelayotganini biladi va shu bois aholi punktlarini o’ziga manzil qilgan. Jangari yetakchilarini topish uchun Pokistondan ko’proq yordam kerak”, - deydi Linch.

Huquq tashkilotlari esa kontr-terroristik operatsiyalarni huquqiy jihatdan asoslab berishni so’ramoqda.

“AQSh suveren bir davlatga samolyot jo’natib, odamlarni o’ldirishga nima haqqi bor”? - deya so’raydi Xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkiloti vakili Tom Parker.

Yana bir muhim savolga javob yo’q, deydi Parker. Pilotsiz samolyotlar mudofaa yo’lida qo’llanilyaptimi yoki terrorizmga qarshi global urushning bir qismi sifatida?

“Terrorizmni chegara bilmas muammo deya, AQSh dunyoning istagan nuqtasida odamlarni nishonga olishga o’zini haqli deb hisoblayapti. Pokiston, Yaman, Somali…Demak, nazariy jihatdan Meksika, Fransiya yoki Janubiy Afrikada, qolaversa AQShning o’zida ham shunday ishlarni qilishi mumkin. Shunisi xavotirli”, - deydi Tom Parker.

Amerika hukumati maxfiy operatsiyalar haqida ommaga kengroq ma’lumot berishi kerak, deydi huquq faollari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG