Breaking News

Cho'ldagi Las-Vegas suvni tejashda ilg'or


Suv uchun kurash - Las Vegas, Nevada
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:33 0:00

Suv uchun kurash - Las Vegas, Nevada

AQShning janubi-g’arbiy hududlarida mana 15 yildan beri qurg’oqchilik. Vaholanki, bu yerda yashovchi 40 million odamni va ikki million gektar yerni suv bilan ta’minlamasa bo’lmaydi. Suv tejashda katta muvaffaqiyatga erishgan shaharlardan biri - Las-Vegas. Bu yerda so’nggi yillarda tejamkorlik 35 foizga yetdi.

Las-Vegas ziqna odamlarni yomon ko’radi. Bu yerga kelgan odam pulini ko’kka sovurib ketadi. Shahar ham ko’p pul sarflaydi. Masalan, suvga. Las-Vegasning mashhur favvoralari ko’p suv talab qilmaydi, ammo chim ancha suv shimib oladi - cho’ldagi bu shaharda bir yil davomida yog’adigan yomg’irdan 30 baravar ko’p suv yer ostiga ketadi.

“Bu o’tning hech kimga keragi yo’q”.

Bog’bon Met Barudi fikricha, chim ekish nafaqat suv, balki yer ma’nosida ham isrofgarchilik.

“Bu yerda bolalarning o’ynayotganini ham ko’rmaysiz. 1955-yilga o’xshab o’t ustiga adyol yozib, piknik qilayotgan odamlar ham yo’q. Shunchaki chim. Hamma suvni shimib oladi,” - deydi u.

1990-yillarda shaharda katta qurilish loyihalari amalga oshirilganida qurib bitkazilgan binolar atrofiga chim ekildi. Chunki bu ish tez va arzon, chimni parvarishlash oson, deya tushuntiradi Janubiy Nevada suv idorasidan Dag Bennett.

“Bu yer gullab-yashnayotgan edi. Odamlar gazon ekamiz, deb katta pul sarfladi-yu, lekin yillar davomida qanday suv xarajatlari bo’lishini hisobga olmadi. Biz esa buni o’zgartirishimiz kerak edi,” - deydi u.

Shunday qilib, 2000-yillarning boshida yangi qurilayotgan binolar oldida chim ekish man etildi. Eski uylar egalariga esa suvsevar o’tdan voz kechib, cho’lga mos ekin ekish evaziga pul to’lana boshladi.

Barudining “Ingliz bog’bon” nomli kompaniyasi Dasha Dakvort hovlisini o’zgartirishga yordam bermoqda.

O’t o’rniga o’g’li uchun maydoncha qurilyapti. Shahar ma’muriyati xarajatlarning 10 foizini qoplaydi. Lekin gap pulda emas, deydi Dakvort.

“O’zingizni tabiatni ardoqlovchi inson deb hisoblasangiz ham farzandli bo’lganingizdan keyin dunyoqarashingiz yanada o’zgarar ekan. Bir kuni men “biz cho’lda yashaymiz-ku, ko’m-ko’k chim nima qilyapti bu yerda” deb o’ylanib qoldim,” - deydi ona.

Shahar rahbariyati suvni tejash masalasida nihoyatda keskin choralar ko’rdi. Avtomobilni yuvishga ishlatilgan suvdan to hojatxonadagi suvgacha – hammasi qayta tozalanib, yana ishlatiladi. Aynan shu sababdan shahar o’sishda davom etmoqda, deydi Dag Bennett.

“2002-yilga qaraganda shahar aholisi yarim million odamga ko’paydi, lekin 15 yil oldingi davrga qaraganda hozir kamroq suv ishlatiladi”.

Shunga qaramay, Las-Vegasda hanuz gazonlar ko’p. Ularni sug’orish kerak. Qo’shni shaharlarga qaraganda bu yerda kishi boshiga ko’proq suv sarflanadi. Qurg’oqchilik davom etar ekan, suvni asrash yanada dolzarblashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG