Yigirmadan ortiq shtat qurg'oqchilikdan aziyat chekmoqda

  • Amerika Ovozi

Issiq va quruq ob-havo amerikalik dehqonlarga ancha qimmatga tushmoqda. AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligining ogohlantirishicha, 26 shtatdagi mingdan ortiq okrugda ekinlar hosildorligi kamayishi kutilmoqda.


Haddan tashqari issiqdan llinoys shtati Maklin okrugida dehqon Mat Xyuzning ekinlari qurimoqda.

Osmonda bulut ko’rinmaydi, dehqonning xunobi oshadi.

“Bu yil ekinlarga har qachongidan ham ko’p mablag’ sarflagan edim”, - deydi Xyuz.

Dehqonning aytishicha, og’it va urug’ narxlari yildan yilga oshib bormoqda. Shuncha sarflagan mehnatim bir pul bo’ladiganga o’xshaydi, deydi u.

“Bu yil ko’plab dehqonlarning sho’ri quriydigan yil”, - deydi Xyuz.

Illinoys dehqonlari bunday qurg’oqchilikni bir necha o’n yil ichida birinchi bor ko’rishlari. Janubdagi makkajo’xori maydonlarining bir qismi allaqachon boy berildi. Shtat Fermerlar byurosi prezidenti Filip Nelsonning aytishicha, ofat qolgan ekinzorlarga ham yoyilmoqda.

“Shimoldan janubgacha, sharqdan g’arbgacha makkajo’xori qurib boryapti. Bizga zudlik bilan yomg’ir kerak”, - deydi u.

Iyun mamlakat bo’ylab eng issiq oy bo’ldi. Makkajo’xori ayni changlanish pallasida suvsiz qoldi.

“Illinoysda makkajo’xori hosilining 50 foizdan ortig’i yomon holatda. Statistika bo’yicha, faqat ikkita shtat – Missuri va Kentaki bizdan ko’ra yomonroq”, - deydi Nelson.

Uning aytishicha, muammo boshqa sohalarga ham o’z ta’sirini o’tkazmoqda.

“Soya mahsulotlari, asosan, cho’chqalarga beriladi. Makkajo’xori esa qoramollar uchun ozuqa. Hamma hosilning qanday bo’lishini kutyapti. Chunki u shtatning go’sht va sut sanoatiga jiddiy ta’sir ko’rsatadi”, - deydi u.

Bu narsa endi Mat Xyuz kabi dehqonlar nazorati ostida emas.

“Dunyoning eng hosildor tuprog’i shu yerda. Ammo hozir bizda tanlov imkoniyati yo’q. Barchasiga qurg’oqchilik aybdor. Biz o’z ishimizni qilamiz va borini yig’ib olamiz”, - deydi dehqon.

Kelayotgan haftalarda ham jazirama issiq davom etadi. Hali-veri yaxshiroq yomg’ir yog’masligi haqida ogohlantirishmoqda.



  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG