Kolorado daryosi deltasi tiklanmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh-Meksika chegarasini kesib o'tadigan Kolorado daryosi yillar davomida Amerikaning yettita shtati va Meksikadagi shaharu-dalalar uchun ob-hayot manbai bo’lib xizmat qilgan. Hozir esa daryo suvlari ko’p ishlatilgani uchun dengizgacha yetib bormaydi. Biroq ikki davlat imzolagan bitim natijasida delta ekologik tizimi qayta tiklanmoqda. Tarixda ilk bor suv inson iste’moli uchun emas, balki tabiatni tiklash maqsadida daryoga quyildi va chegarani kesib o’tdi. Demak, Kolorado daryosining qayta tiklanishiga umid bor.

San Luis Rio. Kolorado daryosi suvlari Meksikaning bu shahriga yetib kelmaydi, AQSh aholisi suvni ishlatib bo’ladi.

Osbel Inoxosa - Meksikaning “Pronatura Noroeste” ekologik guruhining suv zaxiralari dasturi rahbari.

Meksikadagi Morelos to’g’oni yana bir muammo, deydi u.

“Bu yergacha yetib kelgan suv Meksikada turli maqsadlarda, asosan, qishloq xo’jaligi uchun ishlatiladi. Deltada suv qolmaydi”.

Kolorado daryosi deltasi bir paytlar 800 ming gektarga teng edi. Endi esa bu yer qup-quruq, tuproqni tuz qoplagan.

Deltaning 90 foizi yo’q bo’lib ketdi.

Biroq shu yil mart oyida Kolodaro daryosidagi Morelos to’g’oni ochildi.

“Nihoyatda go’zal manzara. Daryo qayta tirilgandek bo’ldi”, - deydi Inoxosa.

AQSh va Meksika hukumatlari tarixda ilk bor erishgan shartnomaga ko’ra, Kolorado daryosiga olti hafta davomida suv quyildi.

“Bu dasturning ahamiyati va foydasiga guvoh bo’lyapmiz. Yangi ekinlar o’sa boshladi”, - deydi Sonora institutidan Fransisko Zamora. U deltani qayta tiklash dasturiga rahbarlik qiladi.

Kam vaqt o’tgan bo‘lsa-da, paxta ekinlari va tol novdalari tez o’smoqda, deydi u.

“Daryoga suv quyishning foydasi ham aynan shunda. Tez orada atrof o’zgaradi”, - deydi u.

Bu esa odamlar deltani o’z qo’li bilan tozalashiga qaraganda ancha tez. Mahalliy aholi yerni tozalab, ekin ekib chiqmoqda.

Hozircha daryoga yana suv yuborish rejasi yo’q. Tabiat muhofazasi bilan shug’ullanadigan tashkilotlar mahalliy bozorda suvni ishlatish huquqini sotib olish niyatida maxsus jamg’arma tashkil etdi. Deltaga oz bo’lsa-da, suv quyilishi kerak, deydi faollar.

Hatto jazirama issiqda, cho’l-u biyobonda ekotizimni qayta tiklash mumkin. Buning uchun ozgina suv kifoya.

Tomchilab sug’orish orqali meskit daraxtlari o’stirilmoqda.

Suv ko’paysa, hatto o’rmon ham barpo etish mumkin. 2017-yilgacha 930 gektar yerni ko’kalamzorlashtirish mo’ljallangan.

Natija ko’zga tashlanyapti, deydi ekolog-faol Osbel Inoxosa.

“Qishda shimoldan qushlar uchib kela boshladi. Bu daraxtlarda ular uchun hasharotlar ko’p, yangilari paydo bo’lmoqda. Demak, chiroyli yangi ekotizim vujudga kela boshladi”, - deydi u.

Cho’lda o’rnatilgan kameralardan ayon bo’lishicha, bu yerga silovsin va boshqa yovvoyi hayvonlar ham qaytmoqda.

Morelos to’g’oni ochilib, daryoga yana qachon suv borishi noma’lum. Bunga kelishish yillarni talab qiladi. Qurg’oqchilik esa daryo uchun jiddiy tahdidga aylangan.

“17 yillik o’gir mehnatimiz samara bergandek. Umrimning yana 17 yilini shu ishga bag’ishlashga tayyorman”, - deydi tadqiqotchi Fransisko Zamora.

Odamlar daryo suvlarini nafaqat o’zaro baham ko’rish, balki tabiatga ham qaytarish zarurligini asta-sekin anglab yetmoqda, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG