Ekspertlar: Ebola balosiga qarshi chora izlanmoqda, vahimaga hojat yo'q

  • Amerika Ovozi

Dallas shahri, Texas shtati. Ebolaga chalingan odam yashaydigan uy.

Dallas shahri, Texas shtati. Ebolaga chalingan odam yashaydigan uy.

Insoniyat uchun eng muhimi, salomatlik. Rossiyada olimlar Ebolaga qarshi vaksina ishlab chiqilgani va sinovga tayyor ekanini bildirmoqda.

Amerikada olimlar Ebola kasalligiga qarshi qanday kurashish xususida bosh qotirmoqda. Texas shtatida bir kishi bu xastalikdan nobud bo’ldi, unga qaragan hamshira va yana bir tibbiy xodim Ebola bilan olishmoqda.

Ebola epidemiyasining oldini olish hozir Oq uy uchun dolzarb masala bo’lib turibdi. Kasalxonalar bu kasallikka qarshi kurashga qanchalik tayyor deya so’ramoqda prezident Barak Obama mutasaddilardan.

Texas shtatida bu xavfli virusni yuqtirgani aniqlangan ikki tibbiy xodim ham Dallas shahrida yashaydi. Ular bilan aloqada bo’lgan odamlar tekshiruv ostida.

Yuqumli kasalliklarga qarshi kurash markazi rahbari Tomas Fridan jamoatchilikni tinchlanishga chaqirmoqda.

“Ebolani to’xtatish juda qiyin. Uning oldini olishga harakat qilayapmiz. Lekin bitta odam yuqtirsa ham bu katta fojia. Biroq vahima yechim emas”, - deydi u.

Kasalxona xodimlari virusni qanday yuqtirgani aniq emas. Bemorga qaraganida muayyan tartibga rioya qilganmi yoki yo’q, bu mavhum. Qoidalar va umuman muolaja jarayoni Ebolaga qarshi qanchalik o’zgartirilishi kerak? Mana shu masala qizg’in muhokamada. Yaqin kelajakda yangi bemorlar aniqlanishi ehtimoldan xoli emas, deydi Tom Fridan.

“Shifokorlar, hamshiralar hayoti xavf ostida, chunki ular kasallik bilan yuzma-yuz... Virus insoniyat dushmani va bunisi, ya’ni Ebola, juda xavfli turi. Uni yengish yo’llarini esa endi bilamiz va o’rganamiz. Harakatni kuchaytiramiz”, - deydi Fridan.

AQShga Afrika g’arbidan uchib kelayotgan odamlar hozir aeroportlarda maxsus tekshiruvdan o’tmoqda.

Lekin Kongress a’zolari nazarida buning o’zi yetmaydi. Respublikachi qonunchi Maykl Makkol dunyoning bu davlatlari uchun AQShga viza berishni to’xtatish kerak deydi.

“Amerika xalqi, tabiiyki, qo’rquvda. Ebola balosi hammani vahimaga solmoqda. Epidemiya tarqalgan mamlakatlardan biz tomon har bir reys tahdid manbai”, - deydi qonunchi.

Ebola virusi aniqlanmagan davlatlarda ham rahbarlar zarur choralar ko’rish taraddudida, masalan, Isroilda.

“Bu global epidemiya. Biz boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikda uning oldini olishga bel bog’laganmiz”, - deydi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotidan doktor Yan Smit esa virusdan ko’ra vahima ko’proq insoniyat dushmani deydi.

“Qo’rqinch virusga qaraganda tezroq tarqaladi va ta’siri chuqurroq”, - deydi u.

Eng muhimi, salomatlik. Rossiyada olimlar Ebolaga qarshi vaksina ishlab chiqilgani va sinovga tayyor ekanini bildirmoqda.

Shu kungacha virus 4000 dan oshiq odamni hayotdan olib ketdi, asosan Afrika mamlakatlarida.

BMT davosi yo'q bu yuqumli kasallikka qarshi kurash uchun kamida 1 milliard dollar kerak deb turibdi. Hozirgacha shuning chorak qismi yig'ilgan xolos.

Ebolaning bosh alomatlari - issiq chiqishi, boshog'riq, butun vujudning zirqirashi, yo'talish, qorin og'rib qusish va ich ketishi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG