Siyosiy tortishuvlar yana AQSh iqtisodiga tahdid solmoqda

  • Amerika Ovozi

O’tgan yili Amerikada hukmron ikki partiya orasidagi siyosiy tortishuvlar mamlakatni defolt yoqasiga yetaklagan va kredit reytingi pasayishiga olib kelgan edi. Respublikachi va demokratlar byudjet, soliq va xarajatlar bo’yicha hamon kelisha olgani yo’q. Aksincha, prezident saylovlari yaqinlashgan sari o’rtadagi tafovutlar ham chuqurlashib borayapti.



Bahslar avjiga chiqqan bir pallada, republikachi va demokrat yetakchilar mahalliy gazetalarda yosh bola etib tasvirlagan edi.

Murakkab siyosiy va moliyaviy masalalar hal etilmagani AQShni iqtidosiy jarlik yoqasiga olib keldi. Natijada nufuzli “Standard & Poor’s” reyting agentligi AQSh kredit reytingini pir pog’ona pasaytirdi. Agentlik xodimi Nikola Svon:

"So’nggi oylarda ham bu jabhalarda oldinga siljish sezilmayapti. Iqtisod yelkasida bir necha milliard dollarlik qarz. Buni kamaytirish va muammoni hal etish uchun esa siyosiy iroda yo’q".

Saylovoldi kampaniyaning asosiy xususiyati – ikki alohida lagerga ajralishdir. Bu esa siyosiy tafovutlarni yanada chuqurlashtiradi.

Amerikada hukumat chetdan qancha qarz olishi qonunlar bilan cheklab qo’yilgan. Ana shu cheklovni o’zgartirish janjalga sabab bo’ldi.

Oxirgi daqiqada murosaga erishilgan bo’lsa-da, butun dunyo investorlari Kongressdagi bu tomoshani xavotir bilan kuzatdi.

Joriy yilda qarz masalasi yana ko’rib chiqiladi. Demokratlar boylar uchun soliqlarni oshirish tarafdori, respublikachilar esa keskin qarshi.

Tez orada kelishuvga erishilmasa, ham harbiy, ham ijtimoiy dasturlar uchun mablag’ avtomatik ravishda qisqaradi.

Markaziy Bank raisi Ben Bernanke yana bir inqiroz haqida ogohlantirmoqda.

"Agar soliqlar haddan ziyod oshirilib, xarajatlar kamaytirilsa, biz “jarlik” deb ataydigan vaziyat vujudga keladi. 2013-yil boshida krizisni kutavering. Millionlab ish o’rinlari boy beriladi".

Brukingz tadqiqot instituti olimi Fillip Volak fikricha, respublikachi va demokratlar bora-bora bir to’xtamga keladi, chunki boshqa yo’l yo’q.

"O’tgan yilni bir eslang. Tomonlar so’nggi daqiqagacha muzokara qilib, muammo yechimini kechiktirishga kelishib olgan edi. Bu yili ham shunday bo’ladi deb o’ylayman. Chunki hech bir partiya krizis uchun javobgar bo’lishni istamaydi".

Kongress va prezident murosa qilishi uchun yana 6 oy vaqt bor. Ammo 6-noyabr saylovlari oldidan biror narsaga erishish qiyin bo’ladi, deb hisoblaydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG