AQSh iqtisodiyoti tahdid ostidami?

  • Amerika Ovozi

AQShdagi saylov natijasi dunyo ahlini hayratga soldi. Bu narsa jahon moliya bozorlaridagi keskin o'zgarishlarda ham sezildi. Dunyoning eng katta iqtisodiyoti boshiga bahsli bir shaxsning kelishi sarmoyadorlarni xavotirga solmoqda.

So'nggi natija hali ma'lum bo'lmasdan turib Dou-Jons birja bozoridagi narxlar Osoyoda keskin tushib ketdi. Yevropaliklar saylovni Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etish qaroriga qiyoslashdi.

"Dastlabki reaksiya kutilgandek bo'ldi. Breksitda qanday bo'lsa, shunday. Bozorlar pastga sho'ng'idi", - deydi tahlilchi Maykl Hyuson.

AQShdagi aksiyalar narxi tezda qayta tiklangan bo'lsa ham, iqtisodichilar Donald Tramp prezidentligining mamlakat iqtisodiyotiga ta'siri salbiy bo'lishidan ogohlantirmoqda.

"Butun iqtisodiyot haqida gapiryapmiz. Ishchi kuchi, muhojirlarga nima bo'lishi haqida. Eksport va importga, savdoga nima bo'ladi? Buning iste'molchilarga ta'sirichi? Sog'liqni saqlash tizimi, shu haqdagi qonunning bekor qilinishi ehtimoli haqida ham gapiryapmiz", - deydi iqtisodchi Gas Faucher.

Xalqaro savdo zarar ko'rsa ham, energiya va moliya aksiyalari yutishi mumkin. Xom-ashyo narxi ham oshishi kutilyapti, deydi jurnalist Jil Malandrino.

"Chunki Tramp infratuzilmaga sarmoya kiritishga va'da bergan. Bu mis va boshqa qazilma boyliklari uchun yaxshi. Himoya siyosati kuchayadi. AQShda allaqachon po'lat kam. Importning qisqarishi mahalliy narxlarni yaxshilaydi", - deydi u.

Uzoq muddatli xavotirlardan yana biri prezidentning keng hokimiyatga ega bo'lishidir. Chunki Kongressning har ikki palatasida uning partiyasi hukmron. Federal Zaxira banki kreditlar uchun foizni oshirish rejasini ham to'xtatib turishi mumkin.

"Aksiyalar narxida pasayishni ko'rdik. Saylov arafasida beqarorlik oshdi. Agar dekabr o'rtalarida bo'ladigan markaziy bank yig'ilishigacha shunday davom etsa, foizlarni oshirishni to'xtatib turishadi", - deydi Faucher.

Global bozorlar bir muddat beqaror turishi mumkin, lekin sarmoyadorlar jiddiy xavotirlanishiga asos yo'q, deydi Melandrino.

"Trampga nisbatan bosimlar bo'ladi. Qilmoqchi bo'lgan ishlariga aniqlik kiritish bo'yicha. Shundan so'ng barqarorlik qaytadi. Britaniyada bo'lganidek. Nima bo'lganda ham, Amerika bizneslari moslashuvchan", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG